Ilk jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi
Sirdaryoda ilk marta yurakda aorta-koronar shuntlash jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Amaliyotni V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jarrohlik bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Rustam Yarbekov o‘z jamoasi va Guliston tibbiyot klasterining malakali mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Akmal Urolov bilan birga mahorat darsi asosida o‘tkazildi.
—Sirdaryolik bemor yuragiga qovurg‘alararo bo‘shliqdan 6-8 sm kichik kesma orqali kirilib, uchta yurak qon tomirida aorta-koronar shuntlash amaliyoti o‘tkazildi, — deydi Rustam Yarbekov. — Bu eng xavfsiz va samarali usul. Bunda ko‘krak qafasi hamda boshqa sohalarning yaxlitligi saqlab qolinadi, yurak reabilitatsiya vaqti qisqaradi. Bemor tez va qisqa vaqtda oyoqqa turadi. Eng muhimi, to‘sh suyagining yaxlitligi buzilmaydi. Ko‘krak qafasining anatomi-funksional tuzilishi o‘zgarmaydi.

Xullas, Sirdaryoda ilk marotaba o‘tkazilgan aorta-koronar shuntlash jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Ayni vaqtda bemor salomatligi yaxshi, shifokorlar nazoratida.
– Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi kardiolog va kardioxirurgiya sohasi mutaxassislari uchun katta yangilik va yutuq bo‘ldi, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, endovaskulyar xirurg Xurshid Hakimov. — Bunday deyishimga sabab shu kungacha viloyatda ochiq turdagi jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan bemorlar V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga yuborar edik. Quvonarli tomoni, joriy yildan boshlab yurak tug‘ma nuqsoni, yurak-qon tomirlarini aorta-koronar shuntlash amaliyotlarini Gulistonda o‘tkazishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun zarur tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Klasterning yangi va zamonaviy xirurgiya blokini qurish ishlari davom etmoqda. Mutaxassislarimiz poytaxtda va xorijiy davlatlarda tajriba orttiryapti.

Eng muhimi, Guliston tibbiyot klasterida yurak sohasi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilishi aholiga katta qulaylik yaratadi. Jumladan, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashadi, bemorlar va ularning yaqinlari uchun muammo bo‘lib kelayotgan ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi.
Sh. Suyarov, O‘zA muxbiri