Ilk bor inklyuziv taʼlim joriy etildi
Bundan tashqari, mazkur qonun bilan pedagog xodimlarning maqomi va ular faoliyatining kafolatlari belgilab qoʻyildi.
Yangi qonun kuchga kirdi
Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, har tomonlama yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, ularning qobiliyat va isteʼdodi, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida taʼlim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish borasida qator vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, taʼlim tizimini takomillashtirish, oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribaga mos ravishda taʼlim tizimini yaratish boʻyicha bir qancha oʻzgarishlar qilindi.
Jumladan, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soladigan Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinib, 2020-yilning 23-sentyabr kunidan kuchga kirdi. Ushbu qonunga koʻra, ilk bor inklyuziv taʼlim joriy etildi. Inklyuziv taʼlim alohida taʼlim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ilm oluvchilar uchun taʼlim muassasalarida taʼlim olishga boʻlgan teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan bilim olish shakli hisoblanadi.
Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim I-XI sinflarni oʻz ichiga olib, oʻrta maxsus taʼlim akademik litseylarda 9 yillik tayanch oʻrta taʼlim asosida 2 yil mobaynida amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Professional taʼlim boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim darajalariga ajratildi. Endilikda boshlangʻich professional taʼlim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi taʼlim shaklida 2 yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshirilishi hamda oʻrta professional taʼlim kollejlarida davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi 2 yilgacha boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshirilishi belgilandi. Oʻrta maxsus professional taʼlim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki toʻlov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2 yil boʻlgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha amalga oshiriladigan boʻldi.
Qonunga muvofiq, davlat oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek, davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarini Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etish hamda nodavlat taʼlim muassasalarini joriy etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya esa Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilishi koʻzda toʻtilgan.
Bundan tashqari, mazkur qonun bilan pedagog xodimlarning maqomi va ular faoliyatining kafolatlari belgilab qoʻyildi. Xususan, pedagog xodimlar ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi, oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obroʻsini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi hamda oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik boʻyicha ham bir qancha normalar belgilanib, bunda sohadagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari xorijiy davlatlarning tegishli vakolatli organlari, taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolarni xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalariga oʻqish uchun yuborishi, pedagog xodimlar va taʼlim oluvchilar almashinuvini amalga oshirishi, rahbar hamda pedagog xodimlarni xorijiy davlatlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish ham koʻzda tutilgan. Unda oʻz xodimlari hamda mutaxassislarini xalqaro konferensiyalarga va stajirovkalarga yuborish, ularning xalqaro loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlab borishi belgilab qoʻyildi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun bilan joriy qilinayotgan yangiliklar taʼlim muassasalarida pedagog kadrlar salohiyati va taʼlim sifatining oshirilishida, oliy taʼlim muassasalariga eng iqtidorli yoshlarning qabul qilinishida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli hamda tizimli oʻzgarishlarda taʼlim muassasalarining faol ishtirok etishini taʼminlashda qoʻl keladi.
Dilfuza ABDULLAYEVA,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali kafedrasi mudiri v.b.