Ilhom polvon – oltin medal sohibi
O‘zbekistonlik yunon-rum kurashi ustasi Ilhom Bahromov Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilayotgan II o‘smirlar Olimpiadasining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik yunon-rum kurashi ustasi Ilhom Bahromov Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilayotgan II o‘smirlar Olimpiadasining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Yurtimiz sportchilari Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishib, hech kimdan kam emasligini va kam bo‘lmasligini isbotlamoqda. Nankin shahri mezbonlik qilayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida yosh sportchilarimiz qo‘lga kiritayotgan natijalar buning yaqqol isbotidir.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida ishtirok etgan hamyurtimiz Ilhom Bahromov saralashda jazoirlik Husam Bunasriy, braziliyalik Kalebe Ferreyra Korreya, Marshall orollari vakili Kayser Myullerni mag‘lubiyatga uchratdi. Hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik Jabbor Najafov bilan kuch sinashgan polvonimiz raqibini 3:1 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.