Ilg‘or tuproq xaritalarini yaratish bo‘yicha tajriba almashilmoqda
Shu kunlarda “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi mutaxassislari Tailand qirolligining Bangkok shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Tuproqdagi oziq moddalar balansi, eroziyasi va tuproq salomatligi" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro seminarda ishtirok etmoqda.
Sohaga doir yangi bilimlarni egallash, ilg‘or ma’lumotlardan xabardor bo‘lish va ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida tashkil etilgan seminar BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Osiyo oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi (AFACI) hamda FAO huzuridagi Global tuproq hamkorligida o‘tkazildi.

Seminarda mamlakatlarda zamonaviy raqamli tuproq xaritalari yaratish salohiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, trening doirasida ishtirokchilarga tuproqdagi makro va mikro oziq elementlar balansi xaritalari, tuproq eroziyasi xaritalari va tuproq salomatligi xaritalarini yaratish, ularni Milliy tuproq axborot tizimlariga integratsiya qilish bo‘yicha amaliy vazifalar muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA