Ikkinchi milliy dastur: kelgusi 5 yilda aholi salomatligi uchun ajratiladigan mablag‘lar oshiriladi
Yurtimizda aholi sog‘lig‘ini saqlash, odamlarning turmush sifatini yaxshilash va fuqarolar uchun munosib sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylangan bo‘lib, bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayramidagi nutqida ilgari surilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishning ikkinchisi aholi salomatligini mustahkamlash va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga bag‘ishlangani yuksak strategik ahamiyat kasb etib, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda uning huzuridagi jamoatchilik Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan “Xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash: ikkinchi milliy dasturni istiqbolda amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi yig‘ilishda ayni shu masalalar muhokama qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari hamda olimlar va ekspertlar ishtirokida o‘tgan tadbirda tibbiyot sohasidagi islohotlar xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz nutqida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda sohaga ajratilayotgan mablag‘lar 8 karradan ziyod oshirildi. Mamlakatimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilib, xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar yaratildi va tibbiy xizmatlar hajmi 3 barobar oshdi. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun O‘zbekistonda bajarilmoqda.
Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, ona va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani inson salomatligini asrash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasidir.
Ta’kidlanganidek, kelgusi besh yilda aholi salomatligi uchun ajratiladigan davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish vazifasi belgilangani sohada kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini anglatadi.
Yig‘ilish davomida qo‘mitaning ikkinchi milliy dastur doirasidagi asosiy vazifalari belgilab olindi. Unga ko‘ra, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish, sport bilan shug‘ullanish, zararli odatlardan voz kechish, gigiyena qoidalariga rioya qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish, tibbiyotda esa kasalliklarni davolashdan ko‘ra ularning oldini olishga asoslangan “salomatlikni asrash” modeliga o‘tish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
M.Komilova, O‘zA