Ikki mamlakat hukumat rahbarlari Xivada
Dastavval Pahlavon Mahmud maqbarasida buyuk ajdodimiz xotirasiga qur’on tilovat qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha ikkinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida Qozog‘iston hukumati rahbari Asqar Mamin Abdulla Aripov hamrohligida qadimiy Xiva shahrini tomosha qildi.
Qozog‘iston delegatsiyasi Ochiq osmon ostidagi muzey shahar “Ichan qal’a”da joylashgan Ko‘hna ark, Pahlavon Mahmud majmualari, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, “Oq masjid” menonitlar muzeyi va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
Dastavval Pahlavon Mahmud maqbarasida buyuk ajdodimiz xotirasiga qur’on tilovat qilindi.
Ikki mamlakat hukumat rahbarlari Sherg‘ozixon madrasasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu maskanda ta’lim olgan allomalar sharafiga tashkil qilingan muzey faoliyati bilan tanishdi. Ushbu madrasada o‘z davrida Beket Ahmad Mirzaquli o‘g‘li (Bekturdi Ahmad) ham yetti yil davomida dunyoviy ilmlar bilan bir qatorda fiqh ilmidan tahsil olgan.
Yuqori martabali mehmonga Xiva tarixida yashab, o‘tgan buyuk shaxslar shuningdek, qadimiy shaharda saqlanib qolgan osori-atiqalar, ularning tarixi va bu yerda sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.
Asrlar osha ilmu ma’rifat maskani bo‘lgan Xiva mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Qozog‘iston Respublikasi Hukumati rahbari qadimiy shaharning tarixiy-me’moriy va turistik salohiyati juda yuqori ekanini alohida qayd etdi.