Ikki davlatni bog‘lagan kanal
"Do‘stlik" kanalining Guliston shahri hududidan o‘tuvchi 3,4 kilometrida rekonstruksiya ishlari boshlandi. Qiymati 77,2 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida kanal betonlanib, suv yo‘qotishlari kamaytiriladi. Shuningdek, kanal bo‘ylab 5,62 kilometr avtomobil yo‘li va 1,02 kilometr piyodalar yo‘lagi qurilib, hudud obodonlashtiriladi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi «Sirdaryo viloyatida muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilayotgan ishlar uchun 50,4 milliard so‘m kanalni betonlashtirishga, 26,8 milliard so‘m esa obodonlashtirish tadbirlariga yo‘naltirilgan.
Qurilish jarayonida 290 ming kub metrda tuproq qazish, 140 ming kub metrda tosh terish, 480 ming kvadrat metrda geomembrana yotqizish, 622 tonna armatura va 22,2 ming kub metrda betondan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Kanal bo‘ylab himoya panjaralari o‘rnatiladi, tungi yoritish tizimi barpo etiladi. Natijada suv inshooti atrofida nafaqat texnik jihatdan mustahkam, balki zamonaviy shahar muhitiga uyg‘un hudud shakllanadi.

— Asosiy maqsad — kanal o‘zanini mustahkamlash va suv yo‘qotishlarini kamaytirish bilan birga, uning atrofini obod va aholi uchun qulay hududga aylantirish. Loyiha yakuniga yetgach, kanal bo‘ylab avtomobil va piyodalar uchun qulay yo‘laklar, himoya panjaralari hamda tungi yoritish tizimi yaratiladi, — deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Obid Ahmatqulov.
“Do‘stlik” kanalining tarixi 1890-yilga borib taqaladi. Qurilishi shu yili boshlangan inshoot 1913-yil 18-oktabrda foydalanishga topshirilgan. Dastlab uning suv o‘tkazish quvvati sekundiga 50 kub metr bo‘lgan. O‘sha davrdagi yirik muhandislik loyihalaridan biri sifatida barpo etilgan kanal Mirzacho‘lning suvsiz kengliklarini o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Suv bilan birga bu hududlarga qishloq xo‘jaligi, yangi aholi maskanlari va infratuzilma kirib keldi. Keyinchalik kanal bir necha bor kengaytirilib, takomillashtirildi. 1917-yilda Shimoliy Mirzacho‘l kanali, 1939-yilda Kirov kanali deb nomlangan. 1996-yil 9-avgustdagi Hukumat qarori bilan unga «Do‘stlik» nomi berilgan.

— Kanalning nomi o‘zgargani bilan uning asosiy vazifasi o‘zgarmadi. U hamon hududlarni suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi farovonligiga xizmat qilmoqda, — deydi Obid Ahmatqulov.

1951-yilga kelib, kanal orqali sug‘oriladigan maydon 122 ming gektarga yetkazildi, suv o‘tkazish quvvati esa sekundiga 160 kub metrga oshirildi. Keyingi yillarda ham kanalni kengaytirish, gidrotexnik inshootlar barpo etish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash ishlari davom ettirildi. Bugun “Do‘stlik” kanalining umumiy uzunligi 117 kilometrni tashkil etadi. Uning 68 kilometri O‘zbekiston, 49 kilometri Qozog‘iston hududidan o‘tadi.
Tizimda 1 ta bosh suv taqsimlash inshooti, 7 ta suv to‘sish inshooti va 86 ta sug‘orish tarmog‘i mavjud. Kanalning 19 kilometri Toshkent viloyatining Bekobod tumani, 49 kilometri Sirdaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi. U orqali O‘zbekistonda qariyb 100 ming, Qozog‘istonda esa 170 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari sug‘oriladi.
— Kanalning maksimal suv o‘tkazish quvvati sekundiga 260 kub metr, me’yoriy ko‘rsatkichi esa 230 kub metrni tashkil etadi. Shu bois uning texnik holatini yaxshilash, suvdan samarali foydalanish va inshootlarni zamonaviy talablar asosida saqlash muhim, — deydi Obid Ahmatqulov.

“Do‘stlik” kanalining Guliston shahri hududidan o‘tishi uning ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki bu yerda suv inshootining holati nafaqat sug‘orish tizimi, balki shahar infratuzilmasi bilan ham bevosita bog‘liq.
Kanaldan suvning sizib chiqishi va yer osti suvlarining yaqin joylashgani yillar davomida ayrim hududlarda sizot suvlari sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Bu esa turar joylar, avtomobil yo‘llari va boshqa infratuzilma ob’ektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Shu maqsadda 2015–2019-yillarda Guliston shahrida yer osti suvlari sathini pasaytirish va drenaj tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, kanalning shahar hududidan o‘tuvchi 4,75 kilometri betonlandi. Uning ostidan 115 metrlik ikki qatorli dyuker qurildi. 261 kilometr ochiq kollektor-drenaj tarmog‘i qayta tiklanib, yangi yopiq drenajlar va meliorativ nasos stansiyalari barpo etildi. Bu ishlarga davlat byudjetidan 34 milliard 871 million 239 ming 997 so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada shahar hududida yer osti suvlari sathini pasaytirishga erishildi. Ayni paytda amalga oshirilayotgan yangi loyiha mazkur ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bu safar kanalning navbatdagi qismi betonlanishi orqali suvning sizib ketishi kamaytirilsa, uning atrofidagi yo‘l, piyodalar yo‘lagi, yoritish va obodonlashtirish ishlari shahar muhitini yaxshilaydi.

“Do‘stlik” kanalining ahamiyatini faqat uning uzunligi, suv o‘tkazish quvvati yoki sug‘oriladigan maydonlar bilan baholab bo‘lmaydi. Uning har bir kilometri ortida Mirzacho‘lni o‘zlashtirish tarixi, qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti, minglab dehqon va fermerlarning mehnati mujassam.
— Bir asrdan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlaridan oqib o‘tayotgan bu suv yo‘li ikki davlat dalalariga hayot bag‘ishlab qolmay, Guliston shahri qiyofasini yaxshilash va aholi uchun yanada qulay muhit yaratish imkonini ham beradi, — deydi Obid Ahmatqulov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri