Ijtimoiy xodim o‘zgalar hayoti va o‘z turmushini o‘zgartirdi
Har bir inson qadri ulug‘lanayotgan, ularning bugun kechagidan yaxshi yashashi uchun barcha sharoit yaratilayotgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan olamshumul ishlar hayotimizni tubdan o‘zgartirmoqda. Bu jarayonda e’tiborga muhtoj, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va imkoniyati cheklangan insonlarga haqiqiy ko‘mak berilib, ular ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisi bo‘lishi yo‘lida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi ko‘makka ehtiyojmand shaxslarning ijtimoiy himoyalanish mexanizmi mahalla darajasida yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va ijtimoiy himoyaning manzilliligi ko‘makka muhtoj qatlamning ijtimoiylashuvini ta’minlashga xizmat qila boshladi. Bunga Surxondaryo viloyatining chekka Uzun tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ham yaqqol dalildir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uzun tumanida 13 ming 872 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs yashaydi. Ularning 4 ming 414 nafari kam ta’minlangani uchun nafaqa olmoqda. 7 ming 236 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 381 nafari mehnatga layoqatli bo‘lib, ularning 378 nafari rasmiy ish bilan band. Norasmiy mehnat bilan shug‘ullanayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ham rasmiy sektorga jalb etish yuzasidan tegishli chora-tadbir belgilab olingan. Shunga ko‘ra, tuman hokimligi va “Inson” markazi hamkorligida hududdagi korxona va tashkilotlarga ikki nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, yangi tizim joriy etilguncha tumanda olti nafar nogironligi bo‘lgan shaxs parasport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda “Inson” markazi yordamida parasportga jalb etilganlar qariyb yuz nafardan oshdi.

Tumandagi Mehnat mahallasida 5 ming 574 kishi yashaydi. Ularning 179 nafari kam ta’minlangani uchun nafaqa oladi. Hududda ijtimoiy xodim sifatida ish boshlagan Bahriniso Atoyevaning o‘zi ham hayot sinovlaridan o‘tgan ayol. Turmush o‘rtog‘idan ajralib qolgan ijtimoiy xodim ko‘p yillar uch farzandni ulg‘aytirishda qiyinchiliklarga ham duch keldi. Bolalar yosh. Maktabgacha ta’lim tashkilotida ishladi. Oylik maosh kamligidan ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratdi. Bolalar ulg‘aygan sayin oyligini ovqatiga sarflasa, usti-boshiga yetmay qola boshladi. Shunday kunlarning birida u Guliston mahallasiga borib, bolalar nafaqasi olishga yordam berishlarini so‘radi. Mahalladagi ijtimoiy xodimga dardini to‘kib soldi. Ijtimoiy xodim Bahriniso Atoyeva bilan dildan suhbatlashib, muammolarini tingladi. Oliy ma’lumotli mutaxassis ekanini eshitgach, Mehnat mahallasida ijtimoiy xodim vazifasi tashkil etilganini aytib, o‘sha ishga o‘tishni tavsiya qildi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, maslahat berdi.
–Bu voqea o‘tgan yil bo‘lgan edi,–deydi Baxriniso Atoyeva. –O‘sha kunning o‘zida tumandagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga borib uchrashdim. Hujjatlarimni topshirdim. Suhbatlardan o‘tdim. Tezda ijtimoiy xodim bo‘lib ish boshladim. Katta mahalla. Xonadonlar tarqoq joylashgan. Bir-ikki oy mehnat qilgach, ish unumdorligini oshirish uchun muddatli to‘lov asosida kichik elektr matorol xarid qildim. Endi oilalar bilan tanishishda vaqtdan yuta boshladim. Ijtimoiy ximoyaga muhtoj fuqarolar muammolarini uyma-uy yurib xatlovdan o‘tkazib, ularning bandligini ta’mirlshga, ish joylariga borib monitoringlar o‘tkazishga ham binoyidek ulgurayapman. Farzandlarimning birini maktabga, ikkovini bog‘chaga eltib qo‘yaman. Ishdan qaytishda yana beminnat elektr matorolimda olib qaytaman. Xullas, mahallamizning ijtimoiy xodimi Xadicha opa mening hayotimni o‘zgartirishga sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, ish ko‘p. Lekin, shunga yarasha oylik maosh olib, farzandlarimni hech kimdan kam qilmay ulg‘aytirayapman. Shuningdek, mahalladagi ehtiyojmand oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ham ijtimoiylashuvini ta’minlashga yordamlashayapman.
Darvoqe, endilikda mahallada ногиронлиги bor shaxs reabilitatsiya vositasiga ehtiyoj sezsa, u darhol yetkazib beradi. O‘ziga mos ish topishiga ham ko‘maklashadi. Bunday e’tibor ularning jamiyatimizda barcha bilan teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanini chuqur his etib yashashiga zamin yaratmoqda. Mahallada og‘ir ahvolga tushib qolgan va shu holatga tushish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu toifadagi aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalari ishlab chiqilib, tashkil etilgan.
–O‘n besh yillardan buyon ishsiz edim,–deydi shu mahallada yashaydigan Muhammad G‘ulomov. –Oilaviy sharoitimiz ancha og‘irlashib qiynalib qolgandik. Nafaqa pulimga ro‘zg‘or tebratib, uch farzandimni ham boqar edim. Bir kuni ijtimoiy xodimlar kelib, muammolarimni o‘rganishdi. Ularga unchalik ishonqiramay muammolarimni aytdim. Chunki, shu paytgacha uyimizga kelgan kishilar gapimizni tinglab, suratlarga tushirib, ketishar edi, xolos. Masala esa hal bo‘lmay qolaverar edi. Bu safar yanglishgan ekanman, 15 yillik muammolarim yechim topdi. Pensiya jamg‘armasi Uzun tumani bo‘limida ish borligini aytib, hujjatlarimni davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining ochiq portali orqali topshirib berdi. Suhbatdan o‘tdim. Bugungi kunda ishlayapman. Ishim o‘zimga yoqadi. Uyimga daromad olib kelyapman.
Baxriniso Atoyeva mahallada ijtimoiy xodim bo‘lib ish boshlagach, mobil guruhi olti fuqaroga psixologik yordam ko‘rsatdi. Ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish alohida elektron modul asosida mahallada 30 ta keys, ya’ni ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga ijtimoiy yordam va xizmat ko‘rsatish joriy etildi. Masalan, Nargiza O‘sarovaning xonadoni mahalla faollari hamkorligida xatlovdan o‘tkazilganda turmush o‘rtog‘i o‘tgan yil baxtsiz hodisa tufayli vafot etgani va onaxon uch farzandning yolg‘iz boquvchisi ekani aniqlandi. Oilaning ahvoli, yashash sharoiti o‘rganilib, keys menejmant asosida bir qator ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatildi. Bir farzandiga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlandi. Onizorga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berilib, daromad manbai yaratildi.
–Ijtimoiy xodimlar baraka topsin,–deydi Nargiza O‘sarova. Yolg‘izlatib qo‘yishmadi. Turmushimiz yana izga tushdi. Zamonaviy tikuv mashinasi bilan mahalladoshlarimning buyurtmasini tez, sifatli bajarib berayapman. Ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Bundan juda minnatdormiz.
Ijtimoiy xodim mahalladagi to‘rt va undan ortiq nafaqa oluvchilarni uyma-uy o‘rganganida Kimyo Nazarova xonadonida ham bo‘ldi. Uning ishga joylashish istagi borligi aniqlanib, monomarkazga o‘qishga yo‘naltirildi. O‘qib, kasb-hunarli bo‘lgach, uy bog‘chasiga yordamchi tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirildi. Bolalikdan imkoniyati cheklangan Umida Alijonovaga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magida "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasidan uning sog‘ligini tiklashi uchun 4 million 200 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.
Bahriniso Atoyeva mahallada kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim bo‘lib ishlayotgani va yordamga muhtoj insonlarga yaqindan ko‘maklashayotgani hamda o‘z hayotida tub o‘zgarishlar bo‘layotganidan faxr hissini tuymoqda. O‘zi va mahalladagi ehtiyojmand oilalar turmushi yaxshilanayotganidan bir olam quvonch bilan yashamoqda.
–Ishonasizmi, uch farzand bilan qaynonamning uyida yashardik,–deydi Bahriniso Atoyeva. –Uy-joy qilishga imkoniyatimiz bo‘lmay turganida turmush o‘rtog‘im vafot etib qoldi. Shundan so‘ng qaynonamning uyida yashash yanada o‘ng‘aysiz bo‘layotgandek tuyuldi, menga. Ikki yil subsidiya asosida uy-joy olishga harakat qildim. Oylik ish haqim amaldagi mezonga to‘g‘ri kelmagani uchun rad etishdi. “Inson” ijtimoiy xizmatlari markaziga mahallada kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim bo‘lib ishga kirgach, yana ariza topshirgan edim, oylik daromadim to‘g‘ri kelib, subsidiya asosida ko‘p qavatli uydan yangi xonadonli bo‘ldim. Tasavvur qilayapsizmi, bugun harakat qilgan inson o‘z hayotini ham, yordamga muhtoj shaxslar turmushini ham o‘zgartirishi, hech kimdan kam bo‘lmay yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bundan esa faqat faxrlanish, barcha birdek qadrlanayotganiga shukrona aytish va ertangi yanada farovon kelajakka intilib yashash kerak.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri