Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda bolalar xafvsizligi: Yevropa Ittifoqining yangi yondashuvi
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar bolalarning ruhiyati, ma’naviyatiga tobora ko‘proq ta’sir etayotgani hech kimga sir emas. Bu borada dunyoda kechayotgan tendensiyalar xususida Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi Madinabonu Sharifova quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Bolalarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yoshi tobora pasayib borayotgan bir sharoitda ularning raqamli muhitdagi xavfsizligini ta’minlash dolzarb masalaga aylanmoqda. Cheksiz axborot oqimi, foydalanuvchining diqqatini imkon qadar uzoq ushlab turishga mo‘ljallangan funksiyalar, zararli kontent va notanish shaxslar bilan muloqot qilish imkoniyati bolalarni onlayn tahdidlardan himoya qilishning yangi mexanizmlarini talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini yosh xususiyatlariga qarab tartibga solishga qaratilgan yangi yondashuvni ilgari surmoqda. 2026-yil 17-sentabrda Yevropa Komissiyasi bolalarning onlayn muhitdagi xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan EU KIDS Act qonunchilik taklifini qabul qildi.
Taklifga ko‘ra, 13 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik, 13–15 yoshdagilar uchun esa ota-ona yoki vasiy nazoratidagi imkoniyatlari cheklangan “mini-akkauntlar”ni joriy etish nazarda tutilgan. 15 yoshdan boshlab mustaqil akkaunt ochish imkoniyatini berish taklif etilmoqda.
Yangi yondashuvning e’tiborli jihati - bolalarning raqamli xavfsizligi uchun mas’uliyatni faqat ota-ona yoki foydalanuvchining o‘ziga yuklamasdan, onlayn platformalar zimmasiga ham aniq majburiyatlar yuklash g‘oyasidir. Bunda raqamli xizmatlar bolalar uchun yoshga mos va xavfsiz muhitni ta’minlash tamoyili asosida ishlashi ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, bolalar akkauntlarida cheksiz tasma, ortiqcha xabarnomalar va foydalanuvchini platformadan uzoq vaqt davomida foydalanishga undaydigan ayrim funksiyalarni cheklash nazarda tutilgan. Bu yerda masalaning mohiyati raqamli muhit bolaning yoshi va manfaatlariga mos bo‘lishi kerakligidadir.
Yoshni aniqlash masalasida ham shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yevropa Ittifoqi foydalanuvchining belgilangan yosh talabiga javob berishini tasdiqlash imkonini beruvchi maxsus raqamli yechimlardan foydalanishni ko‘zlamoqda. Bunda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yoki biometrik ma’lumotlarni ortiqcha saqlashga yo‘l qo‘ymaslik muhim tamoyil sifatida qaralmoqda.
Bu yondashuv bolani himoya qilish uning shaxsiy hayoti daxlsizligini cheklash hisobiga amalga oshirilmasligi lozimligini anglatadi.
Yana bir muhim jihat - bolalar xavfsizligi masalasi faqat ijtimoiy tarmoqlar bilan cheklanmayapti. Videoplatformalar, onlayn o‘yinlar, sun’iy intellekt asosidagi chatbotlar va virtual hamrohlar ham bolalar uchun xavfsiz raqamli muhit talablariga javob berishi lozimligi masalasi qo‘yilmoqda.
Ayniqsa, sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar bilan bog‘liq yondashuv e’tiborga molik. AI chatbotlari va virtual hamrohlarning bolalarda emotsional qaramlikni kuchaytiruvchi tarzda ishlashiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi ham yangi tartibga solish doirasida ko‘tarilmoqda.
Yevropa Ittifoqining mazkur tashabbusini faqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning mohiyati raqamli texnologiyalarni taqiqlashdan ko‘ra, ulardan foydalanish muhitini bolaning yoshi, huquqlari va manfaatlariga moslashtirishga qaratilgan.
Bola axborot olish, ta’lim olish, muloqot qilish va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish huquqiga ega. Ayni paytda uning xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlari daxlsizligi va sog‘lom raqamli muhitda ulg‘ayish huquqi ham ta’minlanishi zarur. Bu ikki masala bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmasligi kerak.
Shu ma’noda, Yevropa Ittifoqining yangi yondashuvidan kelib chiqadigan muhim xulosa shundaki, bola raqamli muhitga moslashishga majbur bo‘lmasligi, aksincha, raqamli muhit bolaning yoshi va manfaatlariga moslashtirilishi kerak.
Mazkur yondashuv Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan bolalar farovonligi, sifatli ta’lim, teng imkoniyatlar va xavfsiz jamiyatni ta’minlash vazifalari bilan ham mazmunan uyg‘un.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda bolalarni internetda himoya qilish endi faqat ota-onaning nazorati bilan hal etiladigan masala emas. Bu oila, ta’lim muassasasi, davlat, fuqarolik jamiyati va raqamli platformalarning umumiy mas’uliyatini talab qiladigan kompleks ijtimoiy-huquqiy vazifadir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.