Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash natija bermoqda
Buxoro viloyati Olot tumanining Chovdir mahallasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga faol qo‘shish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida. tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu sa’y-harakatlar inson qadri uchun xizmat qilinayotganidan dalolat beradi.
Mazkur mahallada 3152 nafar aholi bo‘lib, ulardan 54 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar va 29 ta oila “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida faol bo‘lishi, avvalo, ularning erkin harakatlanish imkoniyatlari bilan bog‘liq. Shu bois mahalladagi 18 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga harakatlanishni yengillashtiruvchi moslamalar, yordamchi vositalar taqdim etildi.
Ular orasida Himmat Boboqulov ham bor. U bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida doimiy parvarishga muhtoj. Uning holatidan yaxshi xabardor bo‘lgan mahalla ijtimoiy xodimi Yulduz Erniyozova tomonidan doimiy yordam ko‘rsatilib kelinmoqda. Ayniqsa, Himmatning ko‘chaga mustaqil chiqishi, jamiyat hayotida faol bo‘lishi uchun “Inson” markazi tomonidan elektron yuritmali aravacha taqdim etilgani hayotida yangi sahifa ochdi.

Himmatning onasi esa unga rasmiy qarovchi sifatida belgilandi. Bu orqali oilaning barqaror daromadga ega bo‘lishi ta’minlandi. Shuningdek, ukasi bepul fan to‘garagiga jalb etildi, bu esa oila farzandlarining ijtimoiy moslashuvini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. “Mahalla yettiligi” tomonidan imtiyozli kredit asosida issiqxona qurilishiga yordam berilgani esa oilaning iqtisodiy holatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy xodim va Himmat birgalikda aholiga kompyuter xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha “mini loyiha”ni yo‘lga qo‘ydi. Endilikda Himmat qishloqdoshlariga hujjatlarni nusxalash, kommunal to‘lovlarni to‘lash, boshqa texnik xizmatlar ko‘rsatmoqda. Bu esa uning daromad topishiga, o‘zini hayotda faol bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
Mahalla, ijtimoiy xodim, davlat tashkilotlari va oila o‘rtasidagi hamkorlik bugun bir inson taqdirini o‘zgartirdi. Bu kabi yondashuvlar esa mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi chinakam hayotga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.