Ijtimoiy himoya sohasida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik kengaytirilmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligida Osiyo taraqqiyot banki bosh direktori o‘rinbosari Ayako Inagaki xonim bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Osiyo taraqqiyot bankining “Yashil, inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun iqlimiy o‘tish jarayonini jadallashtirish” dasturini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Mazkur dastur doirasida reyestrlarni integratsiya qilish, kam ta’minlangan oilalarga iqlimiy ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida manzilli dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Dasturning keyingi bosqichida Agentlik tomonidan moslashuvchan ijtimoiy himoya mexanizmlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy sug‘urta va sifatli ish o‘rinlari sohasida texnik ko‘mak to‘g‘risidagi memorandum doirasida pilot hududlarda idoralararo hamrohlik modelini sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ijtimoiy sug‘urta masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar samarali o‘tganini qayd etib, ushbu formatni davom ettirish va O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib oldi.
Uchrashuvda, shuningdek, Agentlik mutaxassislarining Osiyo taraqqiyot banki tadbirlari, jumladan, 5–8-oktabr kunlari Manila shahrida o‘tkaziladigan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Ijtimoiy himoya haftaligida ishtirok etishi masalasi ham muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA