Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganiga uch yil to‘ldi
Qarshi shahridagi "Imkon" reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganligining uch yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda ijtimoiy himoya tizimida faoliyat yuritayotgan, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida samarali mehnat qilib kelayotgan ijtimoiy xodimlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ijtimoiy xodimlarning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida so‘nggi uch yil davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj va og‘ir turmush sharoitida yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 55 mingdan ortiq holat bo‘yicha keyslar ochilib, ular uchun individual ijtimoiy himoya rejalari ishlab chiqilgan.

Tadbir davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh ijtimoiy xodimlarning mehnati e’tirof etilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, “Imkon” reabilitatsiya markazi tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Tadbir ishtirokchilari markazda yaratilgan shart-sharoitlar hamda uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri