Ijtimoiy himoya: inson manfaatlari ustuvor
2025 yilda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi, hududlarda faoliyat yuritayotgan “Inson” markazlari hamda ijtimoiy xodimlar tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda tizimli va manzilli ishlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki inson kapitaliga sarmoya kiritish, ijtimoiy xavf-xatarlarning oldini olish va aholining zaif qatlamlari uchun munosib hayot sharoitini yaratishga qaratildi.
Yil davomida 1209 nafar bolaning ta’limga yo‘naltirilgani bolalarni ijtimoiy xavfdan himoya qilish, ularning bilim olishi va kelajakda jamiyatga to‘laqonli moslashuvini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich ta’lim orqali ijtimoiy muammolarni bartaraf etish va barqaror kelajakni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
– Yil davomida 17 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiylashuviga ko‘mak ko‘rsatilib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Timur Baybikov. – Bu borada tibbiy, ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarining uyg‘unlashgan holda ko‘rsatilayotgani alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oilalar bilan ishlashda keys-menejment tizimining keng joriy etilishi ijtimoiy himoya tizimida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatdi. 13,3 mingta oilaga mazkur usul orqali xizmat va yordamlar ko‘rsatilib, har bir oilaning aniq ehtiyoji, muammosi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda individual yechimlar taklif etildi. Bu esa ijtimoiy xizmatlarni umumiy emas, balki manzilli va natijaga yo‘naltirilgan tarzda tashkil etish imkonini berdi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar bilan ishlashda ham kompleks yondashuv ustuvor bo‘ldi. “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 993 nafar shaxsga tibbiy, ijtimoiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning hayot sifati yaxshilanishiga erishildi. Shuningdek, yolg‘iz yashovchi keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 3,6 mingta turli xizmat hamda yordamlar taqdim etildi. Bu chora-tadbirlar aholining eng zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishda davlatning mas’uliyati va g‘amxo‘rligini yaqqol namoyon etadi.
Yakunlangan yilda ijtimoiy adolatni ta’minlash va aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham keng qamrovda amalga oshirildi. 3,7 ming nafar zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga himoya va yordam ko‘rsatilib, ularning xavfsizligi va qonuniy huquqlari ta’minlandi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 2 ming nafar ehtiyojmand aholiga 7,8 milliard so‘m moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, 24 ming nafar fuqaroga 24,5 milliard so‘m ijtimoiy nafaqalar to‘landi, 35 ming nafar ehtiyojmand aholiga esa 29,7 milliard so‘m yordam va kompensatsiyalar berildi.
[gallery-27021]
“Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan 15 mingta oila bilan olib borilgan amaliy ishlar natijasida 50 mingdan ortiq ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilgani ham ijtimoiy himoya tizimining qamrovi hamda samaradorligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, Navoiy viloyatida ijtimoiy himoya tizimi aholining turli qatlamlari ehtiyojlarini to‘liq qamrab olgan holda samarali faoliyat yuritmoqda. Bu esa davlat ijtimoiy siyosatining markazida inson manfaatlari turganini yaqqol tasdiqlaydi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hududda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish hamda jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari