Ijtimoiy himoya: hayot sifati va ertangi kunga bo‘lgan ishonch oshmoqda
Inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va har bir murojaatga manzilli yechim topish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Xususan, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani Ramadon mahallasida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy samarasi bilan e’tiborga molik.
Hududda hozir 1 ming 157 ta oila, 1 ming 11 ta xonadon mavjud bo‘lib, 73 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Kompleks ijtimoiy xizmatlar tizimi doirasida har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, fuqarolarga ularning ehtiyoji va sharoitidan kelib chiqqan holda manzilli xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Yil boshidan buyon aholi tomonidan 150 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 85 foizdan ziyodi ijobiy hal etildi. Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Masalan, Dilfuza Galiyevaning turmush o‘rtog‘i Sherali Jalolov uzoq yillardan buyon Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa-da, keyingi yillarda oilasi bilan deyarli aloqa qilmagan. Natijada yolg‘iz ayol boshi bilan olti nafar farzandni tarbiyalash va ularni moddiy tomondan ta’minlash borasida qiyinchiliklarga duch kelgan.
Shu sabab, mahalladagi ijtimoiy xizmatlar tizimi orqali mazkur oila doimiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Eng muhimi, oiladagi barcha farzandlar ta’lim bilan to‘liq qamrab olingan. Tadbirkorlar va saxovatpesha homiylar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari hamda moddiy yordamlar muntazam ajratilmoqda.
2025-yil sentabr oyida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan bu oila kiyim-kechak va poyabzal bilan ta’minlandi. Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi hamda tabiiy gaz xarajatlarini qoplash uchun 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi. Ramazon oyida esa “Vaqf” jamg‘armasi tomonidan 500 ming so‘m miqdorida moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, Bo‘ka tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oilaning voyaga yetmagan farzandlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy xizmatlar va amaliy ko‘maklar ko‘rsatib kelinmoqda.
Bu kabi manzilli ishlar nafaqat ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, balki ularning hayot sifati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Nihola Yo‘ldosheva,
Bo‘ka tumani Ramadon mahallasi ijtimoiy xodimi,
O‘zA.