Ijtimoiy davlat sari o‘n yillik odim, raqamlar ortidagi haqiqat
So‘nggi o‘n yillik Yangi O‘zbekiston tarixiga inson qadrini ulug‘lash va xalqni rozi qilish yo‘lidagi katta o‘zgarishlar davri bo‘lib kirdi. Mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurash e’lon qilinib, manzilli ijtimoiy himoyaning mustahkam poydevori yaratildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy siyosatidagi tub islohotlar zamirida esa asrlarga tatigulik mashaqqatli, ammo sharafli mehnat mujassam. Bu sa’y-harakatlarning bosh g‘oyasi va oliy maqsadi, hech bir yurtdoshimizni taqdir shiddatlari qarshisida yolg‘iz qoldirmaydigan, mehr va adolat yo‘g‘rilgan haqiqiy “Ijtimoiy davlat” tamoyilini hayotimizning bosh mezoniga aylantirishdir.
Tan olish kerak, yaqin o‘tmishda jamiyatimizning eng mahzun voqeligi bo‘lgan kambag‘allik mavzusi uzoq yillar davomida “yopiq eshiklar” ortida qolib keldi. Vaholanki, darding bo‘laturib, uni yashirish rivojlanishni ortga suruvchi eng katta g‘ov edi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu soxta byurokratik qolipni parchalab, ilk kunlardanoq ijtimoiy og‘riqlarni ochiq tan oldi va unga qarshi kurashni umummilliy harakat darajasiga ko‘tardi.
Raqamlarga boqsak, 2017-yilda xalqimizning o‘ttiz besh foizi kambag‘allik chegarasida yashayotgan, eskirgan yordam mexanizmlari esa haqiqiy muhtojlar dardiga malham bo‘lolmayotgan edi. Ushbu tubsizlikdan chiqish maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi xalqchil institutsional tizim hayotga kirdi. Mahallalarda faoliyat boshlagan hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar islohotlarning yuragiga aylandi, ular muammolarni yuqori idoralardan turib emas, balki oddiy odamlarning yashash sharoiti va taqdirini ich-ichidan his qilgan holda hal etishning yangi davrini boshlab berdi.
Tizimli va izchil olib borilgan ijtimoiy-iqtisodiy strategiya o‘zining amaliy mevalarini berdi. Tinimsiz mehnat natijasida, 2017-yildagi 35 foizlik yuqori ko‘rsatkich yillar davomida keskin qisqarib bordi. Xususan, 2026-yil boshidagi 5,8 foizlik ko‘rsatkich qisqa fursatda 3,9 foizga tushirildi, ehtiyojmand aholi soni esa 2 million 200 mingdan 1,5 million nafarga kamaydi. Mahallabay ishlash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla bugun ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘layotgan bu raqamlar shunchaki oddiy statistika emas, balki millionlab vatandoshlarimiz hayotida sodir bo‘lgan haqiqiy farovonlik va yuksalishning yaqqol tasdig‘idir.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoya tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Ushbu tuzilmaning yaratilishi ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasidagi tarqoqlikka barham berib, yagona, shaffof va manzilli davlat siyosatini yuritish imkonini berdi. Endilikda davlat ko‘magiga muhtoj har bir fuqaro byurokratik to‘siqlarsiz o‘z himoyasini his qilishi uchun mustahkam institutsional poydevor yaratildi.
Bugungi kunda mazkur islohotlarning amaliy natijasi sifatida respublikamizning barcha hududlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bosqichma-bosqich ish boshladi. Mazkur markazlar orqali aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar “mahallabay” va “fuqarobay” tamoyili asosida bevosita joylarning o‘zida yetkazilmoqda. Birgina misol, so‘nggi uch yilda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga yetdi. Har yili o‘rtacha 4,6 millionta, jumladan, mahalla darajasida qariyb 2 millionta ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning poytaxt yoki tuman markazlariga ovora bo‘lib borishining oldini olib, barcha turdagi xizmatlarni aholining o‘ziga yaqinlashtirdi.
Bugun “Inson” markazlari orqali og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga protez-ortopediya buyumlarini yetkazish, keksalar va yolg‘iz fuqarolarga parvarish xizmatlarini tashkil etish hamda bolalarni himoya qilish kabi o‘nlab turdagi zamonaviy ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bularning barchasi inson qadri ustuvor bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy adolat va g‘amxo‘rlik hech bir fuqaro e’tibordan chetda qolmasligini yaqqol namoyon etmoqda.
Ta’kidlash joizki, inson qadrini ulug‘lash va munosib sharoit yaratish g‘oyasini ta’lim va tibbiyot sohasidagi tub islohotlarsiz tasavvur qilish mumkin emas. Chunki sifatli ta’lim va mustahkam sog‘liq har bir fuqaroning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, salohiyatini yuzaga chiqarishi va farovon kun kechirishining bosh kafolati sanaladi.
Davlat tomonidan ushbu ikki ustuvor yo‘nalishga ajratilayotgan yirik mablag‘lar va qaratilayotgan yuksak e’tibor milliy genofondni asrash, inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning ertangi istiqboliga qo‘yilayotgan eng ishonchli poydevorga aylandi. Jumladan, so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlanishning lokomotiviga aylantira oldi. Agar 2016-yilda bolalarning bor-yo‘g‘i 27 foizi bog‘chaga borgan bo‘lsa, qolgan qismi tizimli tarbiyadan chetda qolayotgan edi. Davlat-xususiy sheriklik tizimining joriy etilishi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan qulay sharoitlar tufayli yurtimizda minglab yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bunyod etildi. Buning samarasi o‘laroq, bolalarni bog‘chalarga qamrab olish darajasi 78 foizlik tarixiy ko‘rsatkichdan oshib ulgurdi.
Davlat siyosatining diqqat markazida bo‘lgan maktab ta’limida infratuzilma tubdan yangilanib, 1,5 milliondan ziyod yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi. Eng muhimi, tizimda uzoq yillar davom etgan majburiy mehnatga barham berilib, muallimning jamiyatdagi mavqei tiklandi. Ilgari paxta dalalari va ichki ishlardan ortmagan o‘qituvchi o‘z kasbiy faoliyatiga qaytarildi, maoshlari oshirildi. Bugun sinfxonaga qadam qo‘yayotgan har bir ustoz o‘z qadr-qimmati va kasbiy sharafini to‘la his etmoqda.
Oliy ta’limdagi islohotlarni esa yoshlar hayotidagi burilish nuqtasi, deyish mumkin. Negaki, 2016-yilga qadar yoshlarning bor-yo‘g‘i 9 foizi oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega edi, xolos. Yuz minglab yigit-qizlarning orzulari tor kvotalar sabab amalga oshmasdi. Bugungi kunga kelib, OTMlar soni 200 tadan oshdi va qamrov darajasi 42-45 foizga yetkazildi. Xotin-qizlarning magistraturada bepul o‘qishi bo‘yicha joriy etilgan tizim esa mamlakatda gender tenglikni mustahkamlash va ayollarning ilmiy salohiyatini oshirishda tub burilish yasadi.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasida ham tub burilishlar kuzatildi. Tibbiyotning asosi bo‘lgan birlamchi bo‘g‘in, oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalar faoliyati tubdan yangilanib, tibbiy xizmat aholiga yaqinlashtirildi. Ko‘rilgan choralar natijasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,4 yoshga ko‘tarildi. Ayniqsa, onalar va bolalar o‘limining to‘rt barobarga kamaygani tibbiyotdagi eng katta yutuq bo‘ldi. Bu raqamlar ortida minglab saqlab qolingan hayotlar mujassam. Shuningdek, ilgari davolanish uchun poytaxtga yoki chet elga borishga majbur bo‘lgan bemorlar endilikda o‘z viloyatlarida yuqori texnologiyali tibbiy operatsiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega.
Ijtimoiy siyosatning eng samarali yo‘nalishlaridan biri uy-joy ta’minoti bo‘ldi. Xalqimizda “tomi butning — ko‘ngli but”, degan hikmat bor. Keyingi yillarda ipoteka kreditlash tizimining soddalashtirilgani va ehtiyojmand qatlamga subsidiyalar ajratilgani tufayli 650 mingdan ziyod oila yangi uy-joy bilan ta’minlandi. Hududlarda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari esa yangicha shaharsozlik madaniyati va shinam infratuzilmaning amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, so‘nggi o‘n yillik faqatgina qurilishlar, binolar yoki raqamlar o‘sishidan iborat emas, bu odamlarning ongi o‘zgargani, jamiyatda daxldorlik hissi uyg‘ongani, davlat va xalq o‘rtasida mustahkam ko‘prik qurilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida oxirgi o‘n yillikda mamlakatimizda amalga oshirilgan shiddatli va tub islohotlarning amaliy natijasi o‘laroq, Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi, ijtimoiy himoyaning kuchaygani va eng asosiysi, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hayotga to‘laqonli tatbiq etilganini yaqqol ko‘rsatdi. Bugun jamiyatimizda qaror topgan ijtimoiy adolat va xalqchil siyosat ertangi kunimizning yanada farovon, yurtimizning esa buyuk kelajak sari ishonchli qadam tashlashini kafolatlaydi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat,
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA