Ijodkor o‘zi ta’lim olgan maktabga bordi
Ijodkorning yillar o‘tib, o‘zi ta’lim olgan maktabga borishi uni bolalikning beg‘ubor dunyosiga qaytarish bilan birga ustozlarning gurungidan bahramand bo‘lish, maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayoni bilan batafsil tanishish imkonini berishi bilan diqqatga sazovordir.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.Xolmurod Salimov, Uyushma Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov, Navoiy viloyati hokimligining “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati bosh muharriri Boboqand Umarov hamda bir guruh ommaviy axborot vakillari Xatirchi tumanidagi 27- maktabda ulug‘ allomalar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab 27-maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur, Navoiy va Bobur asarlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. G‘azallaridan namunalar o‘qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. X. Salimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ulug‘ allomalarimizni hurmat qilish, e’zozlash, ularning hayoti va ijodini o‘rganish, yurtimizda kitob mutolaasi va kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘quvchilik yillarini, birinchi o‘qituvchisi Tursuntosh Xushmurodova, sinf rahbari Oyzoda Komolova va boshqa ustozlarini esladi. Ulardan juda ko‘p bilimlarni o‘rganganini aytdi.
Uyushma raisi v.b Xolmurod Salimov ushbu – Xatirchi tumanidagi 27-maktabda 1981-1991 yillari ta’lim olgan.
– Biz o‘qigan davrlarda har oy sinfimizning devoriy gazetasi chiqarilardi, – deydi X. Salimov. – Hech esimdan chiqmaydi, 6-sinfda o‘qirdim. Sinfimiz devoriy gazetasida men tayyorlagan, uni sinf rahbarimiz O. Kamolova xatolarini tuzatgan matn-xabar e’lon qilindi. Xabarni pastiga “X. Salimov, 6-sinf o‘quvchisi”deb yozib qo‘yilgan edi. Har tanaffusda shu yozuvni kelib ko‘rardim, ruhlanardim. Menda jurnalistikaga qiziqish o‘sha davrlardan boshlangan, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilari qariyb besh yuz nafarga yaqin o‘quvchi ilm olayotgan mazkur dargohda yaratilgan sharoitlar, dars jarayonlari, ijodiy to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ular maktab rahbariyati va o‘qituvchilar bilan ta’lim tizimidagi islohotlar natijalari, maktab o‘quvchilarini kitob o‘qishga qiziqtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, to‘garaklar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha muloqot qildi.
Maktab jamoasi bilan bo‘lgan samimiy muloqotlar jarayonida so‘zga chiqqan Uyushma a’zolari - Otabek Aslonov va Boboqand Umarov mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda hazrat Navoiy va Boburdek ulug‘ allomalar, shuningdek, adabiyotimiz namoyondalari ijodini o‘rganish muhimligi haqida so‘z yuritdi.

Shoir Boboqand Mirzo yurtga sadoqat, ota-onaga mehr-muhabbat tuyg‘ularini ifoda etuvchi she’rlaridan o‘qib berdi, o‘zi muallifligidagi kitoblardan maktabga tuhfa qildi.
Ma’naviy tadbir doirasida Uyushma raisi v.b. X.Salimov o‘zi o‘qigan maktab kutubxonasiga 500 donaga yaqin, o‘qituvchi va o‘quvchilarni birdek qiziqtiradigan badiiy kitoblar sovg‘a qildi.
— Maktabimiz kutubxonasi boyidi, bundan xursandmiz, — dedi Xatirchi tumanidagi 27-maktab direktori Erkin Berdiyorov. — E’tiborli jihati, ushbu kitoblar orasida barcha sinf o‘quvchilar toifasi, shuningdek, o‘qituvchilar uchun ham adabiyotlar bor. Taqdim etilgan birgina “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” rukni ostida nashr etilgan kitoblar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini o‘ziga ohangrabodek tortishi muqarrar.Ta’lim muassasamiz kutubxonasiga ma’naviyat ulashgani uchun jamoamiz, qolaversa, o‘quvchilarimiz nomidan maktabimizning sobiq o‘quvchisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b Xolmurod Salimovga minnatdorlik bildiramiz.
N.Usmonova, O‘zA