Ijodkor mehnatining natijasi tomoshabin qalbida iz qoldirgan film bilan o‘lchanishi kerakligi aytildi
Prezidentimiz bugun professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayotganini qayd etdi.
– Qolaversa, xolis tahlil ijodkorga o‘z kamchiliklarini ko‘ra olish va o‘sish imkonini beradi-ku, – dedi davlatimiz rahbari.
Kino loyihalarini moliyalashtirishning amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Eskidan qolgan “goszakaz” zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti.
Bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Bunday yuklamada har bir asar ustida puxta ishlash qiyin. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkonini cheklagan.
Oqibatda kuchli ssenariy va sifatli film yaratish o‘rniga topshiriqni tezroq “yopish” asosiy mezon bo‘lib qolgan. Mamlakatimiz yetakchisi ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan o‘lchanishi kerakligini ta’kidladi.
Ssenariy suratga olish jarayonida boyitilishi, ijodiy yechimlar o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish ob’ekti kabi texnik topshiriqlar asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA