Ijodiy uchrashuvdan o‘quvchilar ulkan adabiy saboq oldi
Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida atoqli shoira Farida Afro‘z hamda adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevlarning o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab atoqli shoira Farida Afro‘z ijod maktabining 6-sinf o‘quvchilariga “She’riyat va qalb tarbiyasi”, 8-sinf o‘quvchilariga esa “She’r olamaro azizdir“ mavzularida “Mahorat darslari”ni o‘tib berdi.
Shoiraning ijod, she’riyat va hayot haqidagi go‘zal, chuqur falsafiy mushohadaga chorlovchi fikrlari ijod maktabi o‘quvchilari uchun qimmatli adabiy saboq bo‘ldi.
So‘ng adabiy kechaning bayram dasturi bo‘lib o‘tdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbirda adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, hayotning o‘zagi adabiyot va adabdan iborat ekani, inson ko‘nglini tozalash uchun, hayotning turli mayda-chuydalaridan balandlash uchun ham adabiyot zaruriyat ekani, ijodkorlar qalb muhandislari bo‘lib, o‘z asarlari bilan o‘quvchilar qalbini betakror go‘zallik bilan boyitishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, professor Sirdaryo zaminida ulg‘aygan atoqli ijodkorlar Halima Xudoyberdiyeva, To‘ra Sulaymon, Abduqayum Yo‘ldoshev, Zulfiya Qurolboy qizi kabi ijodkorlarning asarlari, ayniqsa, ijod maktabi o‘quvchilari ta’lim-tarbiyasida, adabiyotni chuqur anglab yetishlarida muhim ahamiyat kasb etishi xususida alohida to‘xtaldi.
Adabiyot, san’at va she’riyat bayramiga aylangan ushbu kechada “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova siyosat, adabiyot, san’at va hayot haqida mulohazalarini bildirdi.
Ijro etilgan dilrabo qo‘shiqlar ijod, kuy va qo‘shiqqa oshufta qalblarga ma’naviy madad, ilhombaxshlik, ijodiy parvoz, shijoat va zavq-shavq bag‘ishladi.
Tadbir yosh ijodkorlarni so‘z san’ati, badiiy ijod va nazmiy olami haqidagi bilimlarini boyitib, o‘quvchilarni o‘qishga, izlanishga, o‘lmas asarlar yaratishga undadi.
Mazkur ijodiy uchrashuvdan ishtirokchilar ulkan adabiy saboq oldi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA