“Ijod va texnologiya chorrahasida: sanoat dizayni” ko‘rgazmasi ochildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyining katta ko‘rgazmalar zalida “Ijod va texnologiya chorrahasida: sanoat dizayni” deb nomlangan badiiy ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasidagi ushbu ko‘rgazmada Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining iqtidorli talabalari, bitiruvchilari va tajribali o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan 30 ta eng sara loyiha namoyish etildi.
Sanoat dizayni — bu kundalik hayotimizda foydalanadigan buyumlarni ham chiroyli, ham qulay qilib yaratish san’ati. Muayyan buyum yoki mahsulot ko‘zga yoqimli ko‘rinishi bilan birga undan foydalanish oson bo‘lishi, u o‘z vazifasini yaxshi bajarishi sanoat dizaynining tarkibiy qismiga kiradi. Sanoat dizayni bu - go‘zallik va foydalilikning birlashmasi.
[gallery-28875]
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Sanoat dizayni” kafedrasi ijod, muhandislik va sanoatni o‘zida mujassam etgan yo‘nalish bo‘yicha yuqori malakali sanoat dizaynerlarining amaliy loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani diqqatga sazovor.
Ko‘rgazmada zamonaviy sanoat dizaynerligining eng dolzarb jihatlarini o‘zida aks ettirgan loyihalarga keng o‘rin berilgan. Bu loyihalar ertangi kunni yanada qulay, estetik jihatdan jozibali va ekologik xavfsiz qilishdek masalalarni o‘ziga qamrab olgani bilan ahamiyatli.
Mazkur ko‘rgazma mahalliy sanoat dizayni qudratli intellektual va ijodiy salohiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.
N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari