Ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlarga 200 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi
Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi “Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyulga qadar kredit olish uchun ariza berish va bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarning takliflarini qabul qilish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Ushbu tizim tadbirkorlarga eng qulay shartlarda kredit tanlash imkoniyatini yaratib, moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yana bir yangilik sifatida mahallalarning iqtisodiy ixtisoslashuvi va hududlardagi imkoniyatlarni hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni shakllantiruvchi “AI maslahatchi” dasturi joriy etiladi. Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan mazkur tizim aholi va tadbirkorlarga istiqbolli loyihalarni aniqlashda ko‘maklashishi kutilmoqda.
Qaror bilan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasidagi imtiyozlar ham kengaytirilmoqda. Xususan, avval ushbu dastur orqali mikrokredit olgan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokreditning maksimal qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.
Shuningdek, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga kreditning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash mexanizmi amal qiladi. Bu esa tadbirkorlarning moliyaviy yukini kamaytirib, ularning investitsiya va ishlab chiqarish faolligini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Qarorda ilg‘or va samarali ishlayotgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan. Har yili dastur doirasida qo‘llab-quvvatlangan va yuqori natijalarga erishgan 100 nafar tadbirkorga biznesni raqamlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda yashil texnologiyalardan foydalanish xarajatlarini qoplash uchun 300 million so‘mgacha grant ajratiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA