IIV: jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 6 nafar IIB boshlig‘i va 2 nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi
Ichki ishlar vazirligida joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan xizmat faoliyati sarhisob qilinib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va xizmat samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov boshqargan yig‘ilishda tizim rahbarlari va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda respublikadagi kriminogen vaziyat, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish hamda ularni fosh etish natijalari tahlil qilindi. Hisobot davrida 125 ming 387 ommaviy tadbirda 70 milliondan ortiq fuqaroning xavfsizligi ta’minlandi.
Jami 5 ming 778, ya’ni 64 foiz mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, 476 mahalla “qizil” toifada qolayotgani tanqid qilindi. Jinoyatlarni prognoz qilishning yangi mexanizmi natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 87 foizi fosh etildi. Zamonaviy texnologiyalar va fuqarolar faolligidan samarali foydalanish natijasida jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 31,4 foizga yaxshilanib, 1 trillion 365 milliard so‘mlik moddiy zarar qoplandi.
Qidiruvda bo‘lgan 5 mingdan ziyodroq shaxs ushlandi, bedarak yo‘qolgan 2 ming 616 nafar fuqaro aniqlanib, oilalari bag‘riga qaytarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyati, Andijon, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo hududlaridagi kriminogen vaziyat bo‘yicha rahbarlarning hisobotlari eshitilib, aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilning “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan profilaktik ishlar kuchaytirildi. Markaziy bank bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan tizim orqali 29 trillion so‘m mablag‘ning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olindi va jinoyatlarga aloqador 18 ming 838 bank kartasi bloklandi.

Hisobot davrida 9 ming 282 kiberjinoyat fosh etildi, 4 mingdan ziyodi tashabbus asosida aniqlandi. 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 milliard 496 million so‘mdan ziyod moddiy zarar qoplandi. Kiberxavfsizlik bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari orqali qariyb 23 million aholi qamrab olindi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, fuqarolar murojaatlarini sifatli o‘rganish hamda ichki ishlar xodimlarining kiberxavfsizlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Hay’atda xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. Intizomga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish, xodimlar mas’uliyatini oshirish va ular faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati ham tahlil qilindi. 205 ming 154 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 87,7 foizi qanoatlantirilgan, 11,3 foizi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqishdagi kamchiliklarga tanqidiy baho berilib, fuqarolar muammolarini o‘z vaqtida va qonuniy hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Hisobot natijalariga ko‘ra, xizmat faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 6 nafar shahar va tuman IIB boshlig‘i, 2 nafar ularning o‘rinbosari hamda 2 nafar viloyat IIB mas’ul rahbarini lavozimidan ozod etish, 7 nafar rahbarga intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Reyting natijalariga ko‘ra, Toshkent viloyati birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Farg‘ona viloyati uchinchi o‘rinni egalladi. Yuqori natijalarga erishgan hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarini rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Yig‘ilishda Davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, bayram tadbirlarida jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida qo‘yilgan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi, har bir rahbar va xodimdan yuqori natija ko‘rsatish, intizom va shaxsiy mas’uliyat talab qilinishi ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA