III shaxmat paralimpiadasi: O‘zbekiston-1 jamoasi bugun Hindiston bilan kuch sinashadi
Jahon shaxmat ishqibozlari e’tiborini Samarqandga qaratgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi doirasida III shaxmat paralimpiadasi o‘yinlarining 5-tur bahslari kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.
Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston-1 jamoasi ushbu turda Serbiya terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, kuchlilar qatoridan o‘rin egallash imkoniyatini yaxshilab oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston-2 jamoasi 5-turda Ispaniya vakillari bilan 2:2 ko‘rinishida durangga erishgan bo‘lsa, O‘zbekiston-3 para shaxmatchilari turkiyalik raqiblariga 3,5:1,5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Ortda qolgan turning markaziy bahsi peshqadam Kuba va dunyoning birinchi raqamli terma jamoasi Polsha o‘rtasidagi to‘qnashuv sifatida qayd etildi.

Ushbu bahsda Polsha jamoasi Kuba vakillarini 2,5:1,5 hisobida yengib, okean orti jamoasiga olimpiadadagi ilk mag‘lubiyat bayroqchasini ko‘tarishga majbur etdi.
G‘oliblikka da’vogar Isroil va Chexiya jamoalari o‘rtasidagi kurashda chexlar g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi va 2,5:1,5 hisobida ustunlikka erishdi.

Yetakchilikka da’vogar sanalgan Filippin Xorvatiya qarama-qarshiligidagi o‘yinda osiyoliklar Yevropa vakillarini 2,5:1,5 hisobida dog‘da qoldirdi. IBCA jamoasi Germaniyani (2,5:1,5), AQSH Argentinani(3:1), Hindiston IPCA jamoasini (2.5:1.5), Ukraina Belarusni(3.5:1.5), Qozog‘iston Bangladeshni(3.5:1.5) sovrinli o‘rinlarga nomzodlikdan deyarli mosuvo qildi.
Bugun, 16-sentabr kuni o‘tkaziladigan 6-tur o‘yinlari oldidan Polsha va Chexiya 9 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turibdi. Keyingi o‘rinlarni band etgan Filippin, Kuba va IBCA jamoalarida 8 ochkodan mavjud. Ularni ta’qib etayotgan AQSH, O‘zbekiston-1 va Hindiston jamoalari 7 ochko bilan musobaqadagi ishtirokini davom ettirmoqda.

Bugun o‘tadigan 6-tur musobaqalarida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Chexiya Polsha bilan ro‘baro‘ kelsa, Kuba IBCA, Filippin AQSH, O‘zbekiston-1 jamoasi esa Hindiston jamoasi qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 7 ta turdan iborat III shaxmat paralimpiadasi bahslari 17-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA