IFFHS: “So‘g‘diyona” 249-o‘rinda
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS klublarning o‘tgan 2022 yildagi reytingini tuzib, jahondagi professional futbol klublari reyting ballari bo‘yicha o‘rinlarni e’lon qildi.
Unda yetakchi sifatida Braziliyaning “Flamengo” jamoasi ko‘rsatilgan. Avvalgi 2021 yili bu o‘rin Braziliyaning boshqa bir vakili “Palmeyras”ga nasib etgan bo‘lib, ular bu safar 2-o‘rinda qayd etilgan. Kuchli uchlikka Angliyaning “Liverpul” klubi yakun yasagan.
Osiyo futbol konfederatsiyadagilar orasida yetakchi sifatida Janubiy Koreyaning “Chonbuk Xyonde Motors” klubi (42-o‘rin) qayd etilgan.

Shuningdek, reytingda O‘zbekiston superligasidan uch klub kiritilgan bo‘lib, yetakchilik Qarshining “Nasaf” jamoasida. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi 87 ball bilan jahon klublari orasida 183-o‘rinda qayd etilgan.
Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi 71,5 ball to‘plab, 249-o‘rinda qayd etilgan.
O‘zbekistonning amaldagi chempioni – Toshkentning “Paxtakor” jamoasi esa 57 reyting balli bilan 390-o‘rindan joy olgan.
A.Qayumov, O‘zA