IChO–2026: O‘zbekistonda 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi tantanali ravishda yakunlandi
Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida IChO–2026 — 58-Xalqaro kimyo olimpiadasining yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir haqiqiy bilim, ma’rifat va zakovat bayramiga aylandi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirojev, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, xorijiy elchixonalar vakillari, olimpiada ishtirokchilari, tegishli vazirlik va tashkilotlar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qilgan mazkur olimpiadada dunyoning 94 davlatidan kelgan qariyb 1 000 nafar o‘quvchi, jamoa rahbarlari, Xalqaro ilmiy qo‘mita a’zolari, kuzatuvchilar va xorijiy mehmonlar qatnashdi.
Ishtirokchilar bir hafta davomida amaliy va nazariy sinovlarda o‘z bilimlarini namoyish etdi. Shuningdek, ular mamlakatimizning diqqatga sazovor tarixiy va madaniy obidalari bilan tanishdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirojev hamda 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi Boshqaruv qo‘mitasi raisi Jon Leon Kiapeyes O‘zbekistonda xalqaro olimpiadaning o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.
— Mehmonni qanchalik ulug‘lashlarini biz O‘zbekiston misolida ko‘rdik, — dedi 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi Boshqaruv qo‘mitasi raisi Jon Leon Kiapeyes. — Bu yerda ishtirokchilar nafaqat bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar, balki do‘stlashdilar, o‘zaro muloqot qildilar. Olimpiadaning yuksak ruhda o‘tganiga guvoh bo‘lib, «Ming rahmat, O‘zbekiston!» degan samimiy tashakkur har bir qatnashchining qalbidan joy olganiga ishonaman. Humo qushi o‘zbek xalqining o‘ziga xos ramzi hisoblanadi. U doimo parvozda bo‘ladi. Olimpiada ishtirokchilariga ham ana shunday yuksak parvozlar tilayman.
58-Xalqaro kimyo olimpiadasi sinovlari ikki bosqich — amaliy va nazariy yo‘nalishlarda tashkil etildi.
[gallery-30474]
Belgilangan tartibga muvofiq, amaliy imtihon uchun maksimal 40 ball, nazariy imtihon uchun esa maksimal 60 ball ajratildi. Shu tariqa umumiy natija 100 ballni tashkil etdi.
Amaliy bosqichda ishtirokchilar uchta laboratoriya topshirig‘ini bajardi va buning uchun ularga besh soat vaqt berildi.
Nazariy bosqichda esa kimyo fanidan to‘qqizta masala taklif qilinib, ularni yechish uchun besh soat ajratildi. Masalalar orasida O‘zbekiston tarixi, tabiati va ilmiy salohiyatiga oid qiziqarli savollar ham o‘rin oldi.
— Olimpiada juda murakkab va qizg‘in raqobat sharoitida o‘tdi, — dedi filippinlik o‘quvchi Azman Usop. — Topshiriqlar orasida O‘zbekistonga oid qiziqarli savollar ham bor edi. Yurtingiz menda katta taassurot qoldirdi. Uning tarixi, madaniyati va buyuk allomalariga qiziqishim yanada ortdi. Chorsu bozoridan ko‘plab esdalik sovg‘alari xarid qildik. O‘zbekiston nafaqat xalqaro olimpiada mezboni, balki boy tarix va betakror madaniyatga ega muqaddas yurt sifatida ham qalbimizdan joy oldi. Men «Assalomu alaykum», «rahmat», «xush kelibsiz» kabi bir nechta o‘zbekcha iboralarni ham o‘rganib oldim.
— O‘zbekiston ushbu xalqaro olimpiadani yuksak mas’uliyat bilan tashkil etdi, — dedi Ummon Sultonligidan kelgan tyutor Amani Alofi. — Ushbu bilimlar musobaqasi orqali O‘zbekistonning mehmondo‘st va mehmonnavoz mamlakat ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik. Bu yerda jahon sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rdik. Mamlakatning tarixi, madaniyati va ilmiy-ma’naviy merosi har bir ishtirokchida chuqur taassurot qoldirdi.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra, ko‘plab ishtirokchilar rag‘batlantiruvchi diplomlarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 112 nafar ishtirokchi bronza, 74 nafari kumush va 41 nafari oltin medal bilan taqdirlandi.
Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining barchasi sovrindorlar safidan o‘rin oldi. Jumladan, Rayhona Tuymurodova oltin medal, Jasur Mustafoyev, Azizmuhammad Hafizov va Mirjalol Homidjonov kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal sohiblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari berilishi belgilangan: oltin medal uchun — 1 milliard 30 million so‘m, uning o‘qituvchisiga — 185,4 million so‘m; kumush medal uchun — 618 million so‘m, o‘qituvchisiga — 103 million so‘m; bronza medal uchun — 412 million so‘m, o‘qituvchisiga — 61,8 million so‘m.
O‘zbekistonda o‘tkazilgan IChO–2026 — 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi nafaqat kimyo fanining eng iqtidorli bilimdonlarini aniqladi, balki yosh olimlarni yangi g‘oyalar, ilmiy izlanishlar va yuksak kashfiyotlar sari ilhomlantiruvchi nufuzli xalqaro maydon sifatida ham tarixda munosib o‘rin egalladi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari.