Ichki ishlar faxriylari Xorazmda yig‘ildi
Xorazm viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari "Uch avlod" maslahat kengashining beshinchi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada yurtimizning barcha hududlaridagi ichki ishlar organlarining faxriylar kengashlari a’zolari hamda yosh xodimlar ishtirok etdi.
Bugun nafaqada bo‘lsa-da, yoshlarga katta hayotiy tajribalaridan saboq berib, bilmaganini o‘rgatib, hamfikr bo‘layotgan faxriylarning borligi, albatta, quvonarli hol. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida tizimda uzoq yillar xizmat qilib hozir nafaqada bo‘lgan bir guruh faxriylar, namunali xizmati bilan bugun tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yosh xodimlar anjuman avvalida Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasida bo‘lib, undagi muzeylar va tarixiy obidalar bilan tanishdilar. Shuningdek, “Arda Xiva” zamonaviy turistik majmuasiga sayohat qilib, shou konsert dasturlarini tomosha qilishdi.
[gallery-23277]
– Ustozlarimiz bilan birgalikda buyuk ajdodlarimiz bizga qoldirgan bebaho meros– qadimiy obidalar bilan tanishdik, – deydi Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimasi Farangiz Ergasheva. – Ichki ishlar organlarining tirik afsonalari bo‘lgan faxriylardan ota-bobolarimiz ko‘rsatgan jasorati, Vatan oldida qilgan xizmatlari, ularning tarixi haqida o‘rgandik. Mazkur sayohat mening ish va hayotiy tajribamga ijobiy ta’sir qiladi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlanib, tizim faxriylari yosh avlodga bu borada namuna bo‘ldilar. Viloyatning Bog‘ot hamda Shovot tumanlarida “Uch avlod” uchrashuvlari o‘tkazildi. Uchrashuvlarda ichki ishlar organlari faxriylari o‘zlarining ko‘p yillik boy amaliy tajriblari asosida yoshlarga hayotiy misollar yordamida o‘git hamda tavsiyalarini berishdi.
– Nafaqada bo‘lsak ham, “Faxriylar – bekorchi emas!” degan shior ostida ishlayapmiz, – deydi Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi a’zosi Mirazim Sagatov. – Uchrashuvlarda yoshlarning tarbiyasini ijobiy shaklantirishga e’tibor qaratdik. Chunki ularga hozirdan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatsak, ertaga jamiyatimizga katta foyda keltiradi. Xorazm yoshlarini kuzatar ekanman, Vatanimga sidqi dildan xizmat qilaman, ilm va hunar o‘rganaman, deb ko‘zlari yonib turganini ko‘rdim.
Davlatimiz rahbarining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida faxriylar Xiva tumanidagi Istiqlol, Urganch tumanidagi Oyoqbog‘ hamda Shovot tumanidagi Komiljon ota mahallalarida bo‘lib, u yerda mahalla yettiligining faoliyati, kriminogen vaziyatning oldini olish hamda raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
– Ustozlarimizdan kasb sirlari bilan bir qatorda “ofitserlik sha’ni”, “mundir sha’ni” nima ekanligini, hayotiy qiyin vaziyatlarga tushib qolganimizda ham so‘nggi nafasimizgacha qasamyodimizga sodiq qolib, hech ikkilanmasdan Vatanimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishimiz lozimligini o‘rgandik, – deydi Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi katta inspektori Olimjon Rahmatov. – Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining Xorazm tajribasi bilan tanishdik. Bu yerda mahallalarda profilaktika inspektori uchun bir nafardan ichki ishlar faxriylaridan murabbiylar biriktirilganini va ular hududdagi kriminogen vaziyatni barqaror ushlashda katta hissa qo‘shayotganligni ko‘rdik. Biz ham o‘z viloyatimizda ushbu tajribani qo‘llaymiz.
Tadbirning uchinchi kuni Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi haykali poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi va Yoshlar markazida davom etdi.
Yakuniy tadbirda IIV departament boshlig‘i, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi raisining o‘rinbosari va yosh xodimlar so‘zga chiqib o‘zlarining taklif va muloxazalarini bildiridilar.
– Konferensiyaning Xorazmda o‘tkazilishi bejizga emas, – deydi Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi a’zosi Akbar Jalilov. – Chunki Xorazmdan juda ko‘p fidoyilar yetishib chiqqan. Mahallalarda bo‘lganimizda hozir ham ularning izdoshlari bor ekanligini, nafaqada bo‘lsada yoshlarga o‘rnak bo‘lib amalga oshirayotgan ishlaridan xursand bo‘ldik. Faxriylar xalq orasida maxsus kiyimlarini kiyib, profilaktika inspektori, mahalla yettiligi bilan birgalikda yurib yurtimiz tinchligini ta’minlashmoqda ekan.
Tadbir so‘nggida yosh avlodga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan ustoz faxriylar, yosh xodimlar va ularning ota -onalari Ichki ishlar vazirligining mukofotlari, faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari