Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi
Sovuq kunlar eshik qoqmoqda. Kunlar soviy boshlagan sayin har sohada bo‘lgani kabi kommunal tizim tarmoqlarida ham ishlar ko‘payadi. Bu o‘z navbatida rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, mavjud nosozliklarni aniqlash va bartaraf etishga undaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-2024 yili kuz-qish mavsumida Toshkent viloyati bo‘yicha 77 ta ko‘p kvartirali uy-joy, issiqlik manbai korxonalarining 13 ta qozonxonasi, 50 kilometr issiqlik tarmog‘i, 167,7 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 169 ta nasos uskuna, 10,3 ming kilometr elektr tarmog‘i, 3 ming 142 ta transformator, 34 ta gaz quvuri, 8 ming 220 ta gaz taqsimlash nuqtasi hamda 232 ta ijtimoiy soha ob’ekti joriy va mukammal ta’mirlangan.

Bekobod shahrida ham bu boradagi ishlar reja asosida amalga oshirilmoqda. Hozir hududdagi mavjud 35 ta mahallaning 21 tasida joylashgan 491 ta ko‘p qavatli uyga 7 boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatilib, ko‘p qavatli uylarning fasad qismlarini ta’mirlash ishlari, yerto‘la qismi, oqova quvurlari va uy ichki qismi muhandislik tarmoqlari, elektr taqsimlovchi qutilar soz holatga keltirildi.

Xususan, ichimlik va oqova suv quvurlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 2 kilometr reja qilingan edi. Bugungi kunda mavjud suv quvurlarining holati o‘rganilib, qayta rekonstruksiya ishlari bajarildi. Jumladan, “O‘zbekiston” va “Obod turmush” MFYlarda 700 metr uzunlikdagi issiqlik quvurlari yangisiga almashtirildi. Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan 2 ta qozonxonaga yangi energotejamkor qozonlar o‘rnatildi.
FVB xodimlari va hamkor tashkilot vakillari bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, yakka tartibdagi uy-joylarning yong‘in xavfsizligi, chaqnash va is gazidan zaharlanish holatlarini oldini olish maqsadida aholi yashash xonadonlarida yong‘in xavfsizligi qayta o‘rganilmoqda.

– O‘rganishlar davomida mavjud muammolar bartaraf qilinmoqda, – deydi Bekobod shahar FVB boshlig‘i Bekzod Sheraliyev. – Soha xodimlari “Nurli yo‘l”, “Bobur” va “Shirin” MFYlar hududidagi 31- va 32-ko‘p qavatli uylarning hovli qismida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi va 27 metr ariq-lotoklar tozalandi. 13-daha 22 sonli ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismidagi oqova suv quvurlarining ifloslanishi bartaraf etildi.
So‘nggi yillarda markazlashgan suv ta’minoti tizimini rivojlantirish orqali shahar va aholi punktlarida sifatli va xavfsiz ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra 1 ming 25 ta mahallada yashovchi aholining 74,5 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan. 25,5 foiz aholi esa, alternativ ichimlik suv manbalaridan foydalanadi, 3,2 foiz aholiga ichimlik suv maxsus transport vositalari orqali yetkazib beriladi.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Ohangaron tumanidagi Telov mahallasida 3 ta artezian qudug‘ o‘rnatildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3 milliard 860 million so‘m bo‘lib, mahallaga umumiy uzunligi 12 kilometr bo‘lgan suv quvurlari tortildi. “Shodmalik” MFYda ham ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida suv qudug‘i kavlanib, suv inshooti va yangi transformator o‘rnatildi. Ko‘chalar bo‘ylab 9,5 kilometr uzunlikda suv quvurlari tortildi. Loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard so‘mni tashkil etadi.
Biroq oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlaridek, ayrim hududlarda isrofgarchilik holatlari ham kuzatilmoqda. Masalan, oxirgi 9 oyda jami 45 million 875 ming metr kub suv texnologik yo‘qotildi. Bu kabi holatlar Piskent, Bo‘ka tumanlari, Nurafshon, Olmaliq shaharlarida ham kuzatildi. Mas’ullar tomonidan bu kabi mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Hozir viloyatda jami 6 ming 683,6 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlari mavjud bo‘lib, shundan 39 foizi ta’mirtalab. Bu kabi holatlarni e’tiborga olib, joylarda muammolar bartaraf etilishiga kirishildi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri