"ICDV&C-2026": Dermatovenerologiya va estetik tibbiyotning dolzarb masalalari
Poytaxtimizda dermatovenerologiya va tibbiy kosmetologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda O‘zbekiston dermatovenerologlari va kosmetologlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman jahon ilm-fani va klinik amaliyotini bir maydonda birlashtirdi.
Bugungi kunda butun dunyoda teri-tanosil kasalliklari va estetik tibbiyot yo‘nalishidagi talablar keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisi o‘rtasida teri kasalliklari umumiy xastaliklar tuzilmasida salmoqli ulushni egallab, insonlarning hayot sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ekzema, psoriaz va atopik dermatit kabi surunkali xastaliklarning global miqyosda yosharib borayotgani, shuningdek, tibbiy kosmetologiyaning jadal rivojlanishi sohada xavfsiz, ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlarni taqozo etmoqda.
Mazkur nufuzli konferensiya aynan shunday global va mahalliy muammolarni hal etish, ilg‘or diagnostika hamda davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida ixtisoslashgan xizmatlarni tubdan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, hududiy tibbiyot muassasalari zamonaviy jihozlar, jumladan, raqamli dermatoskop va fizioterapevtik apparatlar bilan ta’minlandi, mahalliy olimlar tomonidan ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, amaliyotga tatbiq etildi. Biroq sohada hali o‘z yechimini kutayotgan ayrim dolzarb masalalar ham mavjud.
Xususan, surunkali kasalliklarning barvaqt oldini olish, aholiga malakasiz shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xavfli kosmetologik xizmatlarning og‘ir asoratlariga qarshi kurashish hamda boshlang‘ich stadiyada xavfli teri o‘smalarini aniqlashda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirish kabi vazifalar diqqat markazida turibdi.
Shu boisdan ham poytaxtimizda o‘tkazilayotgan mazkur anjumanga dunyoning 20 dan ortiq davlatidan, jumladan, AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Daniya, Belarus, Ozarbayjon, Tunis, Eron, Qozog‘iston va Qirg‘izstondan tashrif buyurgan yetakchi mutaxassislar, taniqli olimlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. Konferensiyada dermatovenerologlar, kosmetologlar, allergolog-immunologlar, revmatologlar, onkologlar, infeksionistlar, patomorfologlar, pediatrlar va boshqa turdosh soha vakillari birlashdi.

Anjumanning ochilish marosimida Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya markazi direktori hamda O‘zbekiston dermatovenerologlar assotsiatsiyasi prezidenti Ulug‘bek Sabirov sohaviy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini takomillashtirish va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kunda fan va amaliyot uyg‘unligi har qachongidan ham muhimligini, “ICDV&C-2026” konferensiyasi tajriba almashish, shuningdek, tibbiyotimiz kelajagini belgilovchi yangi klinik protokollar va ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun ulkan imkoniyat yaratishini ta’kidladi.
Konferensiyaning keng qamrovli ilmiy dasturidan bolalar dermatologiyasi, murakkab klinik holatlar tahlili, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar va estetik tibbiyotdagi yangi texnologiyalar, dermatologiyaning dolzarb muammolari, trixologiya va podologiya, dermatozlar, shuningdek, psixodermatologiya kabi o‘ta muhim yo‘nalishlar o‘rin oldi.

– Borgan sari tibbiy kosmetologiya va trixologiya yo‘nalishlari jadal rivojlanib, aholi tomonidan unga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Biroq, bu jarayonda sog‘liqni saqlash va xavfsizlik standartlariga qat’iy amal qilish, malakali shifokorlar tomonidan ilmiy asoslangan muolajalarni o‘tkazish muhim hisoblanadi. “ICDV&C-2026” doirasida ko‘tarilayotgan masalalar va mutaxassislarning o‘zaro fikr almashishi aynan shunday dolzarb muammolarning ilmiy yechimini topishga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston dermatovenerologlar assotsiatsiyasi direktori Fotima Azimova.
Tadbir davomida shifokorlar teri salomatligini asrash va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha qator muhim tavsiyalarni ham ilgari surdi. Xususan, tibbiy mutaxassislar terini quyosh nurlarining zararli ultrabinafsha ta’siridan doimiy ravishda himoya qilish, kun davomida yetarli miqdorda suv ichish orqali organizm va teri gidratatsiyasini saqlash, to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlanish, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan, turli ijtimoiy tarmoqlar yoki malakasiz shaxslar tavsiyasiga ko‘ra kuchli gormonal mazlar hamda noma’lum kosmetologik vositalarni qo‘llashdan qat’iyan tiyilish kerakligini ta’kidladi.
Mutaxassislarning fikricha, terida har qanday shubhali o‘zgarishlar, qichishish yoki xollarning shakli o‘zgarishi kuzatilsa, darhol malakali shifokor-dermatologga murojaat qilish kasallikni erta bosqichda davolashning eng asosiy garovidir.

Shuningdek, anjuman doirasida yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus yosh olimlar tanlovi, ilmiy sessiyalar va amaliy mahorat darslari tashkil etildi. Bu boshlang‘ich faoliyat bosqichidagi yosh mutaxassislarga o‘z tadqiqotlari natijalarini taqdim etib, xalqaro ekspertlardan qimmatli baholarni olish imkonini berdi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasida esa ishtirokchilar zamonaviy dori vositalari, innovatsion tibbiy uskunalar va ilg‘or diagnostika tizimlari bilan yaqindan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda. Bugungi sessiyalarda yana yangi ilmiy ma’ruzalar, murakkab klinik holatlar muhokamasi va sohaviy xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tyapti. Tadbir yakunida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan muhim qo‘shma tashabbuslar, klinik protokollar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA