Ibrohim Abdurahmonov Amerikada xalqaro mukofot bilan taqdirlandi
AQSHning Ayova shtati De-Moyn shahrida “Top Agri-food Pioneers” xalqaro mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofot oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va agrar sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan tashabbuskorlarni e’tirof etishga qaratilgan. Quvonarlisi, 2026-yilgi mukofot laureatlari qatoridan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham joy oldi.

“World Food Prize Foundation” tomonidan taqdim etiladigan ushbu mukofot oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dolzarb muammolarga innovatsion yechimlar taklif etayotgan olimlar, siyosatchilar, jamoat tashkilotlari vakillari va novatorlarning faoliyatini e’tirof etadi. Bu yil 30 ta mamlakatdan 40 nafar vakil mukofotga sazovor bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mazkur e’tirof O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va agrar tarmoqni barqaror rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini namoyon etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligi va eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va oziq-ovqatga bo‘lgan talabning ortib borishi agrar sohada innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Shu jihatdan, O‘zbekistonning agrar sohadagi islohotlari va tashabbuslarining xalqaro maydonda e’tirof etilishi mamlakatimizning global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi natijasidir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA