Ibratli tashabbus: ehtiyojmand oilalar xonadonlariga maxsus uskunalar o‘rnatib berilmoqda
Ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Inson hayoti – bebaho ne’mat, u barcha narsadan ustun” tamoyili asosida joriy yilning yanvar-mart oylarida “Ogoh bo‘ling – is gazi!” aksiyasi o‘tkazilishi belgilangan.
Ayni kunlarda aksiya doirasida Andijon viloyatidagi qator mehnat jamoalari, mahallalarda partiya faollari, deputatlari, hamkor tashkilotlar hamda aholi vakillari ishtirokida qishning ayozli kunlarida uylarni isitishda ko‘mir va tabiiy gazdan foydalanishda is gazidan ehtiyot bo‘lish, ko‘ngilsiz hodisalar kelib chiqishining oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish borasidagi ishlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Andijon tumanidagi “Ekin-tikin” va “Chorbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etildi. Tadbirda fuqarolarga partiya faollari, “Hududgaz” korxonasi, Favqulodda vaziyatlar tuman bo‘limlari mutaxassislar tomonidan xonadonlarga is gazidan ogohlantiruvchi uskunalar o‘rnatish, ushbu uskunaning qulaylik va afzalliklari haqida keng tushuntirishlar berildi.
Partiya faollari tashabbusi bilan aksiya doirasida bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlariga homiylik tarzida is gazini aniqlaydigan maxsus uskunalar o‘rnatib berildi.
[gallery-21495]
– Ibratli tashabbus bilan chiqqan O‘zLiDep partiyasi va faollariga rahmat, – deydi Andijon tumani Ekin-tikin mahallasida yashovchi Nasibaxon To‘raxonova. – Ushbu tashabbus eng avvalo, odamlarni o‘z salomatligiga, hayotiga befarq qaramaslikka chaqiradi. Qolaversa, ko‘plab ehtiyojmandlar xonadonlariga is gazini aniqlaydigan maxsus uskunalar bepul o‘rnatib berilayotgani barchamizni quvontiradi.
Aksiya doirasidagi bu kabi tadbirlar viloyatning tuman va shaharlarida davom etmoqda.
F. Убайдуллаев,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari