“Ibratli oila” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi
15-may – Xalqaro oila kuni
Xalqaro oila kuni doirasida Xorazm viloyatida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oilalarni e’zozlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, farzandlarni vatanparvarlik va ma’rifat ruhida tarbiyalayotgan namunaviy oilalarni rag‘batlantirish ezgu an’anaga aylandi. Shu asosda har yili 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan hayot tarzi, tarbiyasi va jamiyatdagi faolligi bilan ibrat bo‘layotgan oilalar “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
Joriy yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur ko‘krak nishoniga saralash jarayonlari yanada takomillashtirilib, yangi yondashuvlar asosida tashkil etildi. Xorazm viloyatida hududiy komissiya tomonidan 244 ta oila ko‘rib chiqildi. Ulardan 119 tasi “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.
[gallery-29425]
– Bir necha yildirki, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda alohida o‘rin egallab, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qarshi olinmoqda, – dedi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigora Qutlimuratova. – Bu yilgi saralash jarayonlari ochiqlik va adolat tamoyillari asosida tashkil etildi. Nizomga muvofiq, ko‘krak nishoni asosan oila bekasi nomiga rasmiylashtirilishi esa jamiyatda ayol nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirdi.
Tadbirda so‘z olganlar oila jamiyatning tayanchi ekani, sog‘lom va ma’naviy barkamol avlod tarbiyasida ibratli oilalarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, taqdirlangan oilalarga ko‘krak nishoni, guvohnoma va pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, ular yashaydigan xonadonlarga maxsus faxrli belgilar o‘rnatiladi.
Tantanali tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda oila qadriyatlarini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samara berayotganini alohida qayd etdi.
Ayni kunlarda viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash tadbirlari davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari