Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab ochildi
Buxoro shahrida muborak Ramazon hayiti va Navro‘z umumxalq bayrami arafasida yana bir quvonchli voqea ro‘y berdi. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino nomi bilan atalgan ixtisoslashtirilgan maktabning yangi filiali o‘z faoliyatini boshladi. Bu nafaqat ta’lim sohasidagi muhim qadam, balki yurtimizning ma’naviy-ma’rifiy hayotida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur ta’lim muassasasi avvalgi “Mehribonlik uyi” o‘rnida barpo etilgan bo‘lib, uning ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi. U o‘z so‘zida bunday zamonaviy ta’lim maskanlari kelajak avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Yangi maktab nafaqat zamonaviy bilimlar beruvchi ta’lim dargohi, balki ajdodimiz Ibn Sinoning boy ilmiy merosini yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiladigan ma’rifat o‘chog‘i hisoblanadi. Bu yerda tahsil olayotgan o‘quvchilar chuqur bilim olish, ilmiy izlanishlarga qiziqish uyg‘otish hamda kelajakda yurtimizning munosib vakillari bo‘lib yetishish imkoniga ega bo‘ladi.
[gallery-28265]
Ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar maktabda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu ta’lim muassasasi barcha talablarga javob beradigan infratuzilmaga ega bo‘lib, uni barpo etish uchun jami 13,5 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Uch qavatli zamonaviy binoda 360 nafar o‘quvchi tahsil olishi mumkin. Shu bilan birga, 120 o‘rinli yotoqxona, 28 ta zamonaviy sinfxona, 3 ta fan laboratoriyasi, kutubxona, sport zali va boshqa barcha zarur qulayliklar yaratilgan.
Maktabda o‘quvchilarning iqtidorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Language Stars”, “Aniq hisob akademiyasi”, “Ijod va ilhom maktabi”, “Reaksiya va natija”, “Ilm va tabiat” kabi to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Bu to‘garaklar orqali o‘quvchilar o‘z qobiliyatlarini namoyon etish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, maktab hali yangi faoliyat boshlaganiga qaramasdan, allaqachon o‘z iqtidorli o‘quvchilari bilan ajralib turibdi. Hozir 66 nafar o‘quvchi tabiiy fanlar yo‘nalishida tahsil olmoqda. Qisqa vaqt ichida ular turli fan olimpiadalarida munosib natijalarni qayd etishga ulgurdi, bu esa ta’lim sifati va o‘qituvchilar salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.Viloyat rahbari va jamoatchilik vakillari kelajak avlodga bo‘lgan ishonch ramzi sifatida maktab hovlisiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi. Bu ezgu an’ana yoshlarni tabiatga mehr, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ibn Sino nomi bilan atalgan mazkur ixtisoslashtirilgan maktab Buxoroda ta’lim sifatini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari