I xalqaro Toshkent yarim marafoni
Poytaxtimiz Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan I xalqaro Toshkent yarim marafoniga mezbonlik qildi.
Poytaxtimiz Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan I xalqaro Toshkent yarim marafoniga mezbonlik qildi.Tadbirning ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda hukumat aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, sport yulduzlari, mashhur madaniyat va sanʼat arboblari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Yengil atletika federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi va Toshkent shahar hokimligi tashkil etgan marafonda 28 davlatdan kelgan 1650 nafardan ortiq professional va havaskor atlet 5 va 21 kilometr masofalarga yugurdi.
Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan va maʼnan sogʻlom etib tarbiyalash, sportni rivojlantirish, bu jarayonda olimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish, jahon maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir isteʼdodli sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston sportchilarini 2020 yil Tokioda boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari, nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirishga oid qarorlari soha rivojida muhim dasturilamal boʻlmoqda.
I xalqaro Toshkent yarim marafoni ishtirokchilari Afrosiyob, Nukus, Abdulla Qodiriy, Mustaqillik shohkoʻchalari boʻylab metroning Buyuk ipak yoʻli bekatigacha, keyin Mirzo Ulugʻbek, Taraqqiyot koʻchalari orqali Amir Temur maydoni, Oʻzbekiston koʻchasi, Mustaqillik maydoni, Abdulla Qodiriy va Abay koʻchalari boʻylab yugurib oʻtdi.
21 kilometr masofali bahsda erkaklar oʻrtasida xitoylik Li Yang barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi oʻrinni egalladi. Undan keyin finish chizigʻiga qirgʻizistonlik Adelet Kishtabekov va hamyurtimiz Andrey Petrov yetib keldi.
Xotin-qizlar orasida bu yoʻnalishda qirgʻizistonlik Darya Maslova gʻolib boʻldi. Ikki nafar atletimiz – Sitora Hamidova va Yekaterina Tunkuskova shohsupaning ikkinchi va uchinchi pogʻonasidan joy oldi.
– Oʻzbekiston xalqining samimiyati va mehmondoʻstligi havasimizni keltirdi, – deydi musobaqa gʻolibi Li Yang. – Bugungi marafon yuksak saviyada tashkil etilgani mamlakatingizda sport rivojiga ulkan eʼtibor qaratilayotganidan dalolatdir. Albatta, gʻolib boʻlganimdan juda xursandman. Nasib qilsa, mamlakatingizda oʻtkaziladigan keyingi marafonlarda ham ishtirok etaman.
5 kilometr masofaga oʻtkazilgan poygada Otabek Toshquvvatov, Humoyun Mahkamov va Xurshid Ahmadaliyevga teng keladigan topilmadi. Ushbu masofada qizlar oʻrtasida oʻtgan bahsda Azizaxon Mirzaakbarova, Shohsanam Xurramova va Marjona Baratova kuchli uchlikni egalladi.
Marafon doirasida xalq sayillari oʻtkazildi.