Hurmat va e’tibor avvalo o‘zimizdan bo‘lsin!
Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh «o‘zbek ziyolilari»ning O‘zbekistonda «Davlat tili haqida»gi qonunga o‘zgartish kiritish taklifi bilan chiqqandi.
Hammasi ham emas, ba’zi o‘zbek tilida muloqot qilishga qiynalayotgan (asli o‘zbek) tashabbuskorlarining, boringki, rus tilida so‘zlashishiga ona tili «xalaqit berayotgan» emish.
Yana mualliflar «Rossiyada millionlab o‘zbeklar ishlayapti, shu bois rus tili bizga kerak», deyishibdi. Biz ishonib xalq nomidan so‘zlovchi ba’zi ziyolilar O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatlar safida bo‘lib, uning fuqarosi chet elga ishchi emas, sayyoh, mutaxassis sifatida borishlarini istaganida edi...
«Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur»… Millatparvar mutafakkir Abdulla Avloniyning bu so‘zlari hech bir zamonda ahamiyatini yo‘qotmaydi. Chunki millat deganlari tilga ko‘ra belgilanadi. Axir birlashtiruvchi, jipslashtiruvchi vosita aslida til emasmi? Til – millatning mavjudlik sharti. Millat vujud bo‘lsa, til – ruh.
Shu bois o‘zini tanigan, o‘zligiga ega har bir millat ona tili rivojini hayot-mamot masalasi deb biladi. Til taraqqiyoti uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo‘lgani uning rivoji uchun huquqiy kafolat demakdir. Biroq tilning chinakam rivoji uchun buning o‘zigina kifoya qilmaydi. Davlat tili haqida qonun qabul qilingani – til taraqqiyotining huquqiy kafolati.
Usiz bir qadam ham oldinga yurib bo‘lmasligi ayon. Shukrki, biz bunday qonunga egamiz. Lekin shuni o‘zi yetarlimi? Qonun, qaror, farmoyish, farmon, xullas, hujjatlar amal qilinganidagina, ijrosi ta’minlangandagina rivojlanish bo‘ladi.
bugungi kunda dunyoda 6809 ta til bor, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSH va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda aholi 845 til va lahjada so‘zlashadi.
Ikkinchi o‘rinda esa 600 ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua — Yangi Gvineya turadi. Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemis, rus va yapon tillari ham kiritilgan.
Jahon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qit’asiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi «ko‘hna qit’a»da ekani ma’lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan oladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan.
Tahlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.
O‘zbekiston hududida keng tarqalgan va huquqiy maqomiga o‘zgartirishlar kiritilgan rus tili bilan bir qatorda hududlarda boshqa tillardan ham foydalanib kelinadi. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoraqalpoq tili ham rasmiy til hisoblanadi. Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida esa aholining aksar qismi etnik tojiklar bo‘lib, u yerda tojik tilida ta’lim olib boriluvchi 24 ta maktab, 2 ta litsey va 2 ta kasb-hunar kolleji mavjud.
Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Namangan va boshqa hududlarda tojik tilidagi OAV, maktablar, litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarining bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent va Navoiy viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qozoq tilida o‘qitiladigan maktablar va oliy ta’lim muassasalarining bo‘limlari mavjud.
Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida turkman tilida ta’lim beriluvchi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda.Bugunga kelib o‘zbek tilining ham xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotir. AQSH, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili yo‘nalishlari ochilib, o‘sha mamlakatlar yoshlari ona tilimizni o‘rganishga katta rag‘bat ko‘rsatayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan chet ellik tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgani, muhtaram Prezidentimizning Hindiston safarida xalqaro minbardan ona tilimizda nutq so‘zlagani buning isbotidir.
O‘zbek tili so‘zga boyligi bilan ham jahon minbarlarida yangrashga har qancha haqli. Unga davlat tili maqomi berilgan ekan, yonida turli rasmiy tillarga hojat yo‘q, nazarimda.
Mamlakatimizda 130dan ortiq millat va elatlar ularning urf odat hamda qadriyatlari yetarlicha hurmat qilinadi, hech qanday moneliksiz bajonidil qabul qilinayotganini birgina «O‘zbekiston umumiy uyimiz» shiori ostidagi festivaliyu, 12 tilda taqdim etiladigan ko‘rsatuv eshittirishlar, umuman olganda OAVda keng yo‘l ochilib, qo‘llab quvvatlanmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, o‘zbek tilning mavqeyini faqat qonunlar emas, undan foydalanayotganlar ko‘tarishi kerak. Hurmat va e’tibor avvalo o‘zimizdan bo‘lsin.
Jasur BOLTAEV, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Hududlar, vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘lim boshlig‘i