Huquqiy bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori
Termizda “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla yoshlarining huquqiy bilimlarini oshirib, qonunchilikka hurmat ruhini kuchaytirish, konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonligini yuksaltirib, ijtimoiy faolligini oshirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlovda uning quyi bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.

Qiziqarli baxs-munozaralarga boy bo‘lgan tadbirda har bir jamoa o‘zining huquqiy savodxonligi, mantiqiy fikrlash qobiliyati, qonunchilikka oid bilim va ko‘nikmalarini namoyon etish uchun to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Ishtirokchilarning shartlarni bajarishini malakali hakamlar hay’ati nizomda belgilangan mezonlar asosida baholab bordi.

Tanlov yakunida Qiziriq tumani yoshlari birinchi, Bandixon tumani jamoasi ikkinchi va Boysun tumani o‘g‘il-qizlari uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri