Huquq-sud islohotlarining navbatdagi bosqichi
Yangi davr huquq-sud, inson huquqlari islohotlarining ilk jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 10 oktyabrdagi taqdimnomasiga asosan Oliy Majlis Senati qabul qilgan amnistiya to‘g‘risidagi qarori, afv etish institutining takomillashuvi, mahbuslarni ozod etishning adolatli, insonparvar prinsiplari, noyob bo‘lib qolgan diniy bag‘rikenglik huquqi va reabilitatsiyani amalda ta’minlash bilan boshlandi.
Davlat liderining BMTda «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surib, buni ro‘yobga chiqarishga erishgani davlat siyosatida huquq-sud islohotlariga e’tiborni, insonning har qanday huquq va erkinliklari ustuvorligini anglatadi.
Shu asosda 2016 yil 21 oktyabrdagi Prezident farmoni asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi. Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish tizimi tamomila yangilandi, bu tizim demokratlashdi, davlat organlari va mansabdorlar xalqqa yaqinlashdi.
2016 yil 28 dekabrda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. 2017 yil “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot yili“ deb nomlandi. Ya’ni inson manfaati, inson qadri birlamchi o‘ringa qo‘yildi.
Aholining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etildi.
Natijada, pasport, propiska, nafaqa, konvertatsiya, naqdlashtirish kabi yuz minglab murojaatlar kamaydi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimi jumladan, Prezident huzurida Biznes ombudsman ish boshladi. Tadbirkorni ha deb yoki asossiz tekshir-tekshirlar, moliya xo‘jalik faoliyatni tizimli tekshirishlar cheklandi.Tadbirkorlar faoliyatidagi qo‘rquv balosi barham topdi.
O‘tgan qisqa davrda uch mingdan ortiq, jamiyatda adolat izlagan, bir vaqtlar jamiyatdan ranjigan va faqatgina adolatgagina ishongan, unga umid qilgan 6 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz sud hukmlari asosida oqlandi. 8 mingdan ortiq ayblovlar, ayblovdan chiqarib tashlandi. Minglab ayblanganlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinladi.
Ular sudda adolat qaror topganining guvohi bo‘lishdi. Yana qancha aka-uka, opa-singillarimiz “adolat” tamoyillari asosida afv etildi.
Noyob huquq bo‘lib qolgan reabilitatsiya huquqi amalda tiklandi.
Ammo biz yashayotgan axborot texnologiyalari shiddat bilan yuksalayotgan va kishilarni o‘z ta’siriga olib bo‘lgan axborot asrida, ikki toifa qarashlarga ega shaxslar shakllanadi.
Biri – kundalik hayotida yuzaga keladigan masalani yechishga harakat qiladi, mehnat qiladi, yechimini izlaydi, vaziyatdan aql bilan chiqishga urinadi, u-bu kimdan yordam so‘raydi, nima bo‘lganda ham masalaning yechimi uchun kurashadi. Bu jarayonda o‘zi kabi boshqa kishilarga ham ziyon yetishini istamaydi.
Ikkinchi toifa esa, turmushdagi mavjud masalalarni yechishga harakat qilmay aksincha, noliydi, o‘zini oqlaydi, bunda doim kimnidir ayblashga intiladi, xudbinlik domiga kirib boradi. Qisqasi, oxir-oqibat bu toifa kishilarda hasad qilish hissi shakllanadi. Ularning hayot tarzida har qanday islohotga, jamiyatga nisbatan qarashlarida pozitivlik cheklanib, negativ kayfiyat va qarashlar kuchayib boraveradi.
Yutimizda kambag‘allikni qisqartish, adolatli ijtimoiy himoya huquqini, tekin va arzon boshpana bilan ta’minlash, bolalar majburiy mehnatini yo‘q qilish, ma’muriy-majburiy mehnatni, paxta yakka hokimligini, qiynoqlarni, zulm maskanlarini tugatishga, ish joyiga tiklash, oqlovlar, reabilitatsiya, “mehr operatsiyalari”, diniy bag‘rikenglik, so‘z erkinligi, ochiqlikni ta’minlashga qanday siyosiy iroda, qancha mehnat va eng asosiysi, qancha mablag‘ ketishini bir tahlil qilganmisiz.
Ayni shu jarayonda, huquq-sud, inson huquqlari islohotlari jamiyat a’zolariga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, ularni adolat va qonun ko‘chasidan yetaklab borishi talab etiladi.
Shuning uchun ham ba’zan balandparvoz bo‘lib tuyuladigan "nuqtani sud qo‘yadi", degan jumla tag-zamirida nafaqat chuqur ma’no, balki, sinalgan, charxlangan, albatta, to‘g‘ri ma’noda surilib-turtilib so‘ng rostlangan huquqiy tajriba – asosli ilm yotadi.
Sud qo‘yadigan nuqta “sud dalillarga ishning hamma holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda, har taraflama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqishga asoslangan o‘z ichki ishonchi bo‘yicha baho beradi”, degan protsessual qonun normasining talqinidan boshlanadi. Ya’ni, sudyaning ichki ishonchi tayaniladigan xulosa qilish jarayonida o‘z-o‘zidan “adolat” va “qonun” to‘qnashuvini yuzaga keltirib qo‘yishi ham mumkin.
Ba’zan manfaatlar to‘qnashadi, murakkab nizolarning yechimi adog‘i yo‘qdek ko‘rinadi, lekin adolatsizlik, qonunsizlik uchun jazo muqarrarligini ustuvor va mustahkam ushlash, tarozi pallasini adl tutib turish doim dasturi amalimizdir.
Iqtisodiy sudlarda undirilayotgan milliardlab zarar va kompensatsiyalar, qo‘llanilmayotgan ayrim moliyaviy sanksiyalar, shartnomaviy munosabatlarda adolat qilichini aql bilan to‘g‘ri tortish, davlat xaridlari bilan bog‘liq nizolarda faktik holatlarga asoslangan adolatli qarorga kelish, nizolarni ko‘proq sud qarori qabul qilinguncha, ya’ni maslahatxonaga kirguncha mediatsiya va yarashtiruv instituti orqali hal etishga erishtirish fuqarolik sudlarida undirilayotgan zarar va kompensatsiyalar, qanchadan-qancha ishga tiklashlar, jinoyat sudlaridagi minglab oqlov hukmlari, ma’muriy sudlardagi yuzlab qarorlarni haqiqiy emas, deb topish holatlari yoki bekor qilinayotgani hammaga ham birday yoqimli bo‘lmasligi mumkin.
Illo, har qanday holat va vaziyatda ham sudlar adolat va qonun ustuvorligi asosida oxirgi so‘zni aytib, nuqtani qo‘yish bilan aholi ishonchini mustahkam va bardavom qozonishi shart.
Nuriddin Murodov,
Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi,
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori.