Hunarli kishi xor bo‘lmas
Andijonda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Mehrimiz sizga” xotin-qizlar markazi tashabbusi bilan Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi huzuridagi Jamoat fondi, viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi hamda Andijon shahar “Ishga marhamat” monomarkazi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida aholi bandligi, kasb-hunarga o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida tuman, shahar hokimliklari, mahalla tizimi bilan hamkorlikda aholi, xususan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi muhim vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar tinglanib, mavzu doirasidagi ishlar ko‘lami va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr-mulohazalar bildirildi.
Davra suhbati doirasida “Mehrimiz sizga” xotin-qizlar markazining “Yangi O‘zbekistonda hunarli kishi aslo xor bo‘lmas!” nomli loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-3392]
– Ushbu loyihamiz Xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, – deydi “Mehrimiz Sizga” xotin-qizlar markazi rahbari Xolidaxon Mirzarahimova. – Loyiha doirasida tuman, shahar xotin-qizlar kengashlari, mahalla va oila bo‘limlari bilan hamkorlikda “Ayollar daftariga” kiritilgan opa-singillarimizni kasb-hunarga o‘qitish borasida ishlar olib boriladi. Maqsadimiz, xotin-qizlar bandligini ta’minlash orqali ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, kambag‘allikdan chiqarish, turmush farovonligini yaxshilashga ko‘maklashishdir.
Tadbirda loyiha davomida olib boriladigan ishlar haqida ma’lumot beruvchi videorolik namoyish etildi.
Yakunda mutaxassislar tomonidan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi-yangi loyihalar tayyorlash yuzasidan ishtirokchilarga taklif va tavsiyalar berildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA