Hunaridan zar undirgan ayol
Jizzaxlik Orzixon Alimova ona meros an’analarni ardoqlab, yoshlarga o‘rgatib kelayotgan mohir hunarmandlardan.
O. Alimova 1955 yil Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida dunyoga kelgan. 15 yoshida hayot charxpalagi tufayli O‘zbekistonga cho‘lni o‘zlashtirish maqsadida oilasi bilan kelib, shu yerda qo‘nim topadi. O‘zbek yigiti bilan oila quradi. Turmush o‘rtog‘i erta olamdan o‘tgach, besh farzandini qo‘lidagi yagona hunari – quroqchilik ortidan kam-ko‘stsiz voyaga yetkazadi. Mana 35 yildirki hunari ortidan ro‘zg‘ori but.
[gallery-6387]
– Onam qo‘li gul chevar bo‘lgan, - deydi Orzixon aya. – Uning hunari singlim va menga meros qoldi. bugungi kungacha hunarimni ortidan kam bo‘lganim yo‘q. Viloyatimizda qurilayotgan yangi zamonaviy ko‘p qavatli uylardan oldim. Hunarmandlar uyushmasi a’zosiman. Zomin, Forishda o‘tkazilgan tanlov, ko‘rgazmalarda ishtirok etib, munosib o‘rinlarni olishga erishdim. U yerda qirg‘iz, qozoq kiyimlariga buyurtmalar oldim.
Toshkent, Andijonga ko‘rpalar tikib jo‘natdik. Daromadimiz yomon emas. Hozirda 8 nafar shogirdim bilan mehnat qilayapmiz. Tikuv xonamizni kengaytirib, shogirdlar safini oshirish harakatidamiz. Daromadimiz ham shunga yarasha ko‘payadi.
Ayni paytda hunarmand buyurtmaga qarab, asosan qirg‘iz, qozoq, Jizzax quroqlarini tikishni yo‘lga qo‘ygan. Quroqlarning bir-biridan farqi shuki, qirg‘izcha quroqda o‘z milliy shakllari bor, shaxmat quroq ko‘p qo‘llaniladi. Mato bo‘lakchalari shaxmat qilib bukilib, gul shaklida teriladi. Qozoqcha quroq esa matoni chizib, boshqa matoni yopishtirib o‘yma quroq shaklida tikilishi bilan farqlanadi. Ularni tikishda hunarmanddan katta kuch va sabr talab etiladi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA