Humoyun – o‘n karra chempion
Namanganda tennis bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Namanganda tennis bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tdi.Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan 300 dan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Viloyat markazidagi “Do‘stlik” sport majmuasida bir hafta mobaynida qizg‘in kechgan bellashuvlarda namanganlik Humoyun Sultonov 2000-yilda tug‘ilgan va undan katta yoshdagilar o‘rtasidagi barcha uchrashuvlarda raqiblaridan ustun kelib, finalda andijonlik Abror Isoqovni 6:1, 6:0 hisobida yengdi va o‘ninchi bor mamlakat chempioni bo‘ldi.
Xotin-qizlar ishtirokidagi bahslarda Toshkent shahridan Kamola Umarova g‘alaba qozondi. U finalda andijonlik Jamila Sodiqjonovani 6:0, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
2001-2002-yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasidagi bahslarda buxorolik Akmal Luqmonov va Toshkent shahri vakili Yasmina Karimjonovaga teng keladigan topilmadi.
2003-2004-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final o‘yinida andijonlik Samandar Abdumalikov Toshkent shahri vakili Fayzullo Mirzag‘aniyev ustidan 6:4, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. Qizlar bellashuvida esa poytaxtlik Arina Fols Toshkent viloyatidan Alina Akbarovani 6:3, 6:3 hisobida yengdi.
O‘n yoshli tennischilarning o‘yinlari ham sport ixlosmandlari olqishiga sazovor bo‘ldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi final bahsida andijonlik Baxtiyor Yoqubjonov samarqandlik Parviz Bahodirovni 6:1, 6:2 hisobida yenggan bo‘lsa, qizlar bahsida Andijon viloyatidan Maftuna Qahramonova buxorolik Nargiza G‘ulomovadan 6:1, 6:4 hisobida ustun keldi.
Juftlik bahslarida Namangan viloyatidan Humoyun Sultonov va Ali Ahmedov, Toshkent shahridan Kamola Umarova va Dono Valixonova, Aziz Dadaboyev (Namangan) va Ravshan Qodirov (Andijon), Layli Aliyeva (Toshkent) va Valentina Shleyn (Namangan), Mohinur Sharipova (Buxoro) va Mohira Olimova (Toshkent), Fayzullo Mirzag‘aniyev (Andijon) va Rasul Nurmuhammedov (Nukus), Nargiza G‘ulomova (Buxoro) va Dinara Abdumalikova (Jizzax), Bekzod Halilov (Namangan) va Komron Odilov (Farg‘ona) juftliklari g‘alaba qozondi.