Hujjatsiz mulklar qonuniy maqom olmoqda
Yer va ko‘chmas mulk — inson hayotidagi eng muhim boyliklardan. Shu bois har bir xonadon, har bir yer uchastkasi taqdirida huquqiy aniqlikning bo‘lishi nafaqat mulkdor xotirjamligi, balki jamiyatda qonuniylik va adolat muhitining mustahkamlanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jizzax viloyatida olib borilayotgan keng ko‘lamli xatlov ishlari ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatimizdagi mavjud 304 ta mahallaning 77 tasida 2026-yil uchun belgilangan reja-jadval asosida xatlov jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu mas’uliyatli va serqirra jarayonga 230 nafardan ortiq malakali mutaxassis jalb etilgan.
Raqamlar ortida esa minglab xonadonlarning taqdiri, odamlarning yillar davomida kutib kelgan huquqiy aniqligi mujassam. Bugunga qadar viloyatda 87 ming 857 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 78 ming 458 tasi UZKAD tizimiga kiritilgan bo‘lib, shundan 77 ming 527 tasi turar joy, 931 tasi noturar joy ob’ektlaridir. 52 ming 790 ta ob’ekt “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga o‘tkazilgan, 7 ming 752 ta ob’ekt bo‘yicha esa muhokama jarayoni davom etmoqda.


Bu jarayonning eng muhim natijasi esa raqamlarda emas, insonlar hayotida ko‘rinadi. Xatlov ishlari natijasida xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi sessiyalarida 9 ming 695 nafar fuqaroning uy-joylariga nisbatan mulk va ijara huquqlari rasman e’tirof etildi. Demak, kechagina hujjat masalasida turli savollar bilan yashagan minglab oilalar uchun bugun huquqiy aniqlik eshigi ochilmoqda.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosining amaliy ifodasidir. Qonun asosida xatlov ishlarining mahallama-mahalla, bosqichma-bosqich tashkil etilishi fuqarolarning ortiqcha sarsongarchiligini kamaytirib, mavjud holatni joyiga chiqqan holda aniqlash imkonini bermoqda.


Shu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasining «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori qabul qilingan. Unda elektron yig‘ma jildlarni shakllantirish, zarur ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish hamda huquqiy jarayonlarni yanada tizimlashtirishga qaratilgan vazifalar belgilangan.
Jizzaxdagi bugungi natijalar mazkur qaror va qonun talablari ijrosi qog‘ozdagi vazifa bo‘lib qolmayotganini ko‘rsatmoqda. Har bir xatlov, har bir elektron ma’lumot va huquqi e’tirof etilgan har bir xonadon — kadastr tizimidagi islohotlarning odamlar hayotidagi amaliy natijasidir.


E’tiborli jihati, xatlov jarayoni aholi uchun ochiq va bosqichma-bosqich tashkil etilgan. Fuqarolar Kadastr agentligining rasmiy axborot resurslari orqali o‘z mahallasida xatlov ishlari qaysi davrda o‘tkazilishini bilib olishi mumkin. Ayni bosqichda ro‘yxatda mahallasi nomi bo‘lmagan fuqaro esa xavotirga tushmasligi kerak: xatlov jarayonlari belgilangan bosqichlar asosida davom etadi va hududlarning qamrovi izchil ta’minlanadi.
Zero, mulk huquqining e’tirof etilishi — oddiy rasmiy jarayon emas. Bu insonning o‘z uyi va yeriga bo‘lgan huquqini mustahkamlash, uning ertangi kuniga ishonchini oshirish demakdir. Jizzaxda amalga oshirilayotgan xatlov ishlarining asl qimmati ham shunda — raqamlar ortida odamlarning qonuniy huquqi, xotirjamligi va farovon kelajagi turibdi.
Sanjar Qodirqulov,
Davlat kadastrlari palatasi
Jizzax viloyati boshqarmasining boshlig‘i
O‘zA