Hududlarda tadbirkorlar faoliyati o‘rganilib amaliy ko‘mak berilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan hududlarda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganish va ularga amaliy ko‘mak berishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, inspeksiya xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan “QARAQALPAQ QAG‘AZ QAYTA ISLEW” MCHJ, “MURATBEK MEBEL” MCHJ, “Speshial plast” MCHJ, “Xondamir xolding” MCHJ, “Zarafshon golden group” MCHJ, “CHUST BARAKA YOG‘ MOY” MCHJ, “ELISOF TEXTILE” MCHJ, “RAHMATULLA MAHMUDOV” oilaviy korxonasi, “UMAR-SYSTEM” MCHJ, “LIFE TEKS” MCHJ, “MEGA PACK” MCHJ, “Arzon plyus mahsulot” MCHJ, “Alibek restoration” oilaviy korxonasi, “LUXFABRIC” MCHJ, “IMZO-GLASS KHAREZM” MCHJ, “BAQQOL-DON SAVDO” MCHJ hamda “MMX-PRO” MCHJ faoliyati o‘rganildi.

Tashriflar davomida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati va zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalanish holati yaqindan o‘rganildi. Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda metrologiya sohalaridagi muammolar bevosita joyida muhokama qilindi.

Ayniqsa, eksport salohiyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash va xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, mas’ul xodimlarga yangi qonunchilik hujjatlari, hukumat qarorlari va texnik reglamentlar mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘rganishlar faqat nazorat bilan cheklanib qolmay, xatolar va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy ko‘mak ko‘rinishida tashkil etildi. Bu kabi amaliy muloqotlar korxonalarning xalqaro standartlarga moslashuvi, mahsulotlar sifati oshishi va eksport geografiyasi kengayishiga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA