Hosil mo‘l, xirmon yuksak bo‘ladi
Shu kunlarda dalalarimizda dehqonlarimizning erta bahordan qilgan astoydil mehnati samarasi bo‘y ko‘rsatmoqda. Suv mo‘l bo‘lgani, garmsel shamollar deyarli kuzatilmagani tufayli me’yordagi issiqlikni olgan g‘o‘za nihollari baravj o‘smoqda.
Shu kunlarda dalalarimizda dehqonlarimizning erta bahordan qilgan astoydil mehnati samarasi bo‘y ko‘rsatmoqda. Suv mo‘l bo‘lgani, garmsel shamollar deyarli kuzatilmagani tufayli me’yordagi issiqlikni olgan g‘o‘za nihollari baravj o‘smoqda.
Paxtachilik – dehqonchilikning eng murakkab sohasi. U nafaqat chuqur bilim va tajriba, balki zahmatli mehnat talab qilishini usta fermerlarimiz yaxshi biladi. Bunda mulkdorga munosib ish sharoiti yaratilgani, yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘it va boshqa vositalar o‘z vaqtida yetkazib berilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, barcha hududlarda sug‘orish va kultivatsiya tadbirlarini yuqori sifat va uyushqoqlik bilan o‘tkazish, zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari qizg‘in davom etmoqda. Ayni paytda dalalarda 23 ming 800 ga yaqin kultivator ishlayotir.
Paxtachilikdagi muhim agrotexnik tadbirlardan bo‘lgan sug‘orish ishlarini mamlakatimizning barcha hududlarida yuqori sifat va uyushqoqlik bilan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Andijon, Navoiy viloyatlari mirishkorlari bu borada ibrat ko‘rsatmoqda.
– Tungi sug‘orishlar iyul oyidagi issiq haroratda g‘o‘zani hosil to‘kishdan asrab qoldi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining paxtachilik va texnik ekinlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ozod Matyoqubov. – «Asad suvi – asal suvi» deb bejiz aytilmagan. Avgust oyida g‘o‘zani sug‘orish ko‘sak sonini oshirib, tola sifatini yaxshilaydi. Ushbu tadbirni belgilangan muddatlarda, xususan, tunda amalga oshirish lozim. Sug‘orishni tuproqning mexanik tarkibi, sizot suvlar sathi, o‘simlik holati, navlarning biologik xususiyatiga qarab tabaqalash maqsadga muvofiqdir.
G‘o‘za maydonlarining har gektarini 5 tonna atrofida mahalliy o‘g‘it bilan sharbat usulida sug‘orish samaradorlikni yanada oshiradi. Mahalliy o‘g‘it g‘o‘zaga ozuqa berish bilan birga, bug‘lanishni kamaytirib, namlikni saqlaydi. O‘simlik rivojini tezlashtiradi. Harorat yuqori bo‘lgan kunlarda bunday tadbirning ahamiyati katta.
Bu oyda sug‘orish bilan bir qatorda kultivatsiyaning ham ahamiyati beqiyos. Shuningdek, butun oy davomida hushyorlikni susaytirmasdan, har ikki gektar maydonga bittadan feramon tutqich o‘rnatib, nazoratni kuchaytirish zararkunandalar o‘chog‘ini bartaraf etishda qo‘l keladi.
Bular hosilga hosil qo‘shish oyi bo‘lgan avgustdagi ishlar samaradorligini oshirish, bo‘lg‘usi hosilning cho‘g‘i baland bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.