«Holvani klaster - kaltakni fermer yeydimi?»
Ijtimoiy tarmoqlar orqali Buxoro viloyatida 2022 yil hosili boshoqli don mahsulotlari yetishtirish xarajatlari uchun g‘allachilik klasterlariga ajratilgan imtiyozli kreditlarning foizlarini to‘lash fermer xo‘jaliklarining zimmasiga yuklanayotganligi haqida xabarlar kelib tushdi.
Ushbu xabar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Buxoro viloyat hokimining o‘rinbosari (A.Nazarov) rahbarligida 2022 yil 8 avgustda o‘tkazilgan yig‘ilishning 4/4987-sonli bayonining
4-bandida 2022 yil yil hosili uchun g‘allachilik klasterlari tomonidan Jamg‘armadan g‘alla yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditga hisoblangan 12 mlrd. 926 mln. so‘mlik pul mablag‘larini klasterlarga sotgan g‘alla yakuniy mablag‘lari hisobidan teng mutanosib ravishda ilova muvofiq 2910 ta fermer xo‘jaliklaridan undirilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 noyabrdagi PQ-10-son «G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida»gi qarorida qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan g‘alla yetishtirish xarajatlarini qoplash uchun imtiyozli kreditlarni g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlariga ajratilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan «Bug‘doy yetishtirish xarajatlarini kreditlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq qarz oluvchining arizasi bo‘yicha ijobiy xulosa qilinganda, tijorat banki filiali va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.
Imtiyozli kredit ajratish haqida tijorat banki bilan g‘allachilik klasterlari o‘rtasida shartnoma tuzilgan bir paytda imtiyozli kredit foizlarini fermer xo‘jaliklarining zimmasiga yuklanishi amaldagi qonunchilikka mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi haqida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan xulosa qilindi.
Kengash tomonidan 2022 yil 24 oktyabr kuni fermerlar manfaatlariga zid bo‘lgan Buxoro viloyat hokimligining 2022 yil 8 avgustdagi 4/4987-son yig‘ilish bayoniga nisbatan prokuror nazorati hujjati qo‘llash masalasini ko‘rib chiqilishida amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga xat kiritildi.