Hokimlikda ochiqlik bosh mezon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar 8 ta indikator asosida 84 ta mezon bo‘yicha baholanadi.
Keyingi uch yil mobaynida Xorazm viloyati hokimligi “Ochiqlik indeksi” reytingida viloyatlar hokimliklari o‘rtasida 1-o‘rinni egallab kelmoqda.
Joriy yilda ham hokimlik mazkur reytingda Qoraqalpog‘iston respublikasi Vazirlar kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.
Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ijtimoiy ahamiyatga ega axborotlarni hokimlik veb-saytiga hamda ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirish bo‘yicha qilingan ishlar munosib e’tirof etilib, Xorazm viloyati hokimligi “Ochiqlik indeksi” bo‘yicha 88,4 ball to‘pladi va o‘tgan yilga nisbatan 5,1 ball o‘sishga erishildi.
– Davlat xaridlari, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, avtotransport vositalarini sotib olish va saqlash xarajatlari, byudjetdan tashqari jamg‘armalarning daromad va xarajatlari kabi ma’lumotlarni jamoatchilikka ko‘rsatishi shart, – deydi Xorazm viloyati hokimining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odilbek Adambayev. – Bu o‘z navbatida oddiy fuqarolar va ommaviy axborot vositalari davlat idoralarining pullari qayerga sarflanayotganini kuzatish, noqonuniy xarajatlarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Qayd etish kerakki, Xorazm viloyati barobarida Jizzax viloyati hokimligi ham 88,4 ball bilan reyting jadvalining yuqori pog‘onasidan joy olgan.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA