Hokim qarori bekor qilindi
Sudning hal qiluv qaroriga asosan tuman hokimligining 2016-yil 12-martdagi 210-sonli qarori haqiqiy emas deb topildi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumani, Tezguzar mahalla fuqarolar yigʻini Boltaqara qishlogʻida yashovchi “Nusratbobo” fermer xoʻjaligi rahbari, fuqaro Gʻ.A tuman hokimligining ayrim mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan norozi boʻlib tuman hokimining 2016-yildagi noqonuniy qarorini bekor qilishni soʻrab qilgan murojaati Shofirkon tuman adliya boʻlimi xodimlari tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganish davomida aniqlanishicha, tuman hokimligi tomonidan 2004-yilda “Nusratbobo” fermer xoʻjaligiga 2,95 gektar ekin yer maydoni hamda 2012-yilda qoʻshimcha ravishda tuman hokimining qarori bilan 64 gektar qoʻshimcha yer maydoni ajratilgan. Biroq tuman hokimining 2016-yil 12-martdagi 210-sonli qaroriga asosan fermer xoʻjaligiga tegishli 40,6 gektar yer maydoni fermer xoʻjaligi rahbarining yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish toʻgʻrisidagi soxta imzoli arizasiga asosan tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Shofirkon tuman prokuraturasining 2020-yil 20-fevraldagi xabarnomasiga koʻra “Nusratbobo” fermer xoʻjaligi yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish toʻgʻrisida yozilgan arizadagi imzo fuqaro Gʻ.A. tomonidan qoʻyilmaganligi, imzo shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan nomaʼlum shaxs tomonidan qoʻyilganligi maʼlum qilingan.
– Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 12, 13-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tugatish, ushbu Kodeksning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasini bekor qilish yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshirilishi koʻrsatilgan, – deydi Shofirkon tuman adliya boʻlimi yetakchi maslahatchisi Shohrux Saidov. – Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 12-moddasida davlat organining yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi koʻrsatilgan.
Yuqoridagi hujjatlarga asoslanib tuman adliya boʻlimi xodimlari tomonidan Shofirkon tumani hokimining 2016-yil 12-martdagi 210-sonli qarori amaldagi yerga doir qonun hujjatlari talablariga zid ekanligi aniqlangan. “Nusratbobo” fermer xoʻjaligi rahbari, fuqaro Gʻ.A.ning manfaatlarini koʻzlab tuman hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida Shofirkon tuman maʼmuriy sudiga ariza kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan tuman hokimligining 2016-yil 12-martdagi 210-sonli qarori haqiqiy emas deb topildi.