Hokim o‘rinbosari tadbirkordan pul talab qilgan vaqtda ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxsning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Kosonsoy tumani hokimi o‘rinbosari hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida ajratilgan yer maydonini boshqa tadbirkorga olib berish bilan tahdid qilgan. Ushbu vajdan foydalangan mansabdor shaxs tadbirkordan o‘zining yashash xonadoniga 20 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib berishni talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida hokim o‘rinbosari quyosh panellarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlari uchun mo‘ljallangan 65 million so‘m pul mablag‘ini o‘zining xizmat avtomashinasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA