Hokim afv etilganlar bilan uchrashdi
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 13 nafar buxorolik ham afv etilgan edi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari va tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilari afv etilgan fuqarolar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda afv etilganlarning har biri bilan alohida muloqot qilindi. Ulardan hol-ahvol so‘ralib, kelgusidagi rejalari bilan qiziqildi. Ijtimoiy hayotga moslashib, jamiyatda munosib o‘rin topishi imkoniyatlari o‘rganildi.
Afv etilganlar bilan suhbat asnosida sektorlar rahbarlari bilan sobiq mahbuslarning ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiyasi, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish masalalari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish idoralari, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Afv etilgan kishilarga bundan buyon xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlab, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi kerakligi uqtirildi.
Jazodan ozod etilganlar qilgan ishlaridan pushaymonligini ta’kidlab, bildirilgan ishonch uchun xalqimizga, hukumatimizga minnatdorchilik bildirdi. Bundan buyon halol ishlab, oilasiga va yurtimizga naf keltirishga va’da berdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri