Hisob palatasi faoliyatida raqamlashtirish jarayonlari izchil olib borilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishidagi muhokamalarda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat auditi va moliyaviy nazorati tizimini tubdan takomillashtirish, uni zamonaviy yondashuvlar asosida qayta shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hisob palatasi faoliyati 2025-yil davomida byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash bilan bir qatorda ularning ijtimoiy-iqtisodiy natijadorligiga ham qaratilganligi, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash hamda noqonuniy xarajatlarning oldini olish bo‘yicha natijalarga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, Hisob palatasi faoliyatida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali nazoratning samaradorligi oshirilgani, “Masofaviy audit” tizimi davlat moliyaviy nazoratining muhim vositasiga aylangani alohida ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida iqtisodiyot tarmoqlari kesimida amalga oshirilgan audit natijalari, jumladan qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va ekologik yo‘nalishlarda resurslardan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, fraksiya a’zolari Hisob palatasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali parlament nazorati va davlat moliyaviy nazoratining uyg‘unligi ta’minlanayotganiga e’tibor qaratdilar. Hisob palatasi hisobotida aks ettirilgan natijalar byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda mablag‘larning samaradorligini oshirishiga qaratilganligini qayd etdilar.
M.Komilova, O‘zA