Hirot safari. Bobolar izidan...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qarorida Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahrida joylashgan Alisher Navoiy maqbarasi majmuasidagi holat o‘rganilib, bobokalonimiz maqbarasini ko‘rkam bir ziyoratgohga aylantirish bo‘yicha alohida taklif tayyorlash masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan edi.
Shu maqsadda joriy yilning 14-16 dekabr kunlari Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev rahbarligidagi Ishchi guruh Afg‘oniston Islom Respublikasiga safar uyushtirdi.
Ishchi guruhi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I. Irgashev, A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, navoiyshunos olim Sh.Sirojiddinov, Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti boshlig‘i o‘rinbosari F.Davlatov hamda “Madaniy meros LITI” MCHJ bosh direktori J.Rahmanovlar bor edi.
Tashrif doirasida mehmonlar Hirot viloyati gubernatori Abdul Vohid Qattoliy bilan muzokaralar o‘tkazib, uning hamrohligida Alisher Navoiy maqbarasini ziyorat qilib, u yerda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida batafsil kelishib olishdi.
Suhbat jarayonida, Hirot viloyati rahbariyati O‘zbekiston tomoni ko‘targan bu xayrli ishdan xabardor ekanligi, Alisher Navoiy ular uchun ham azizligini, mazkur maqbara atrofini obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarida to‘liq hamkorlik qilishlarini bildirdi.
Tashrif davomida ishchi guruh a’zolari Navoiy maqbarasiga yaqin Gavharshodbegim maqbarasini, Musallo majmuasini hamda Qobul shahridagi “Bog‘i Bobur” majmuasida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur maqbarasini ham ziyorat qilishdi.
Shuningdek, safar davomida Afg‘oniston Islom Respublikasining Prezidenti Administratsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri, Hirot viloyatining gubernatori hamda Informatsiya va madaniyat vaziri bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham yuqorida taklif etilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston taklifini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, bu borada hamkorlikka tayyorligini, ma’lum qilishdi.
Ayni paytda Alisher Navoiy bobomizning Hirot shahrida joylashgan maqbarasini shoir yashab o‘tgan davr ruhiga mos ravishda ta’mirlash va uning atrofida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
O‘zA