Hindistonlik shifokorlar bilan hamkorlik
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali rahbariyati Hindistonning “JAYPEE” klinikasining onkoradiologi Nainax Samanta boshchiligidagi bir guruh tibbiyot olimlari bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvda amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik standartlar, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar va belgilangan rejalar, olib borilayotgan ilmiy, amaliy-uslubiy chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, xorijlik mehmonlar nomidan Hindistonning “JAYPEE” klinikasining onkoradiologi Nainax Samanta samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Viloyatda tibbiy xizmat sifati yaxshilanib borayotganini e’tirof etdi. Birgina jarrohlik amaliyoti bilan chegaralanib qolmasdan, murakkab kasalliklarni oldini olish va ularni samarali davolashda ilmiy-innovatsion uslublarni keng qo‘llash, o‘zaro tajriba almashish dolzarbligini ta’kidladi.
O‘zaro tajriba almashish, davolashning samarali uslublarini qo‘llash maqsadida keyingi bir necha kunda hindistonlik mutaxassislar ishtirokida RSHTYOIM Buxoro filialida pankreonekroz, mexanik sariqlik, churra kesish hamda laparoskopik xoletsistektomiya amaliyotlari bo‘yicha bir nechta yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Dehlidagi “JAYPEE” klinikasi bilan RSHTYOIM Buxoro filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuvda tibbiy ko‘rik va jarrohlik amaliyotlarini hamjihatlikda o‘tkazishni tashkil etish, har ikki tomon imkoniyat va tajribalarini o‘rganish va o‘zlashtirish nazarda tutilgan. Memorandumga muvofiq, joriy yil aprel oyida 10 nafar va keyinchalik har oyda 4 nafardan filial mutaxassislari “JAYPEE” klinikasida hamkorlar hisobidan malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Ikki tomonlama foydali bitimdan so‘ng xorijlik mutaxassislar tibbiyot muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Zarif Komilov, O‘zA