Hindistonda o‘zbek shoirasi kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Xalqaro e’tirof
Taniqli o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustamova ijodi xalqaro miqyosda ham tobora yuksalib bormoqda. Shoiraning xorijda nashr etilgan 29-kitobi “Ko‘ngilga cho‘kkan yulduz” deb nomlandi va bengal tilida Hindistonning Kalkutta shahrida chop etildi.
22-may kuni Kalkuttaning Hindistan international tadbirlar majmuasida ushbu kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, shoir-yozuvchilar, kitobxonlar, shuningdek, she’riyatning ruhiy qudratini ifodalash maqsadida bir guruh san’at namoyandalari ham ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Shamik Banerji, fantastik yozuvchi Saykat Rakshit, aktyor va essenavis Anirban Bhattacharya va qator ziyolilar Xosiyat Rustamova she’riyatida inson ruhiyatining teran ifodalanishi, umumbashariy g‘oyalarning yuksak tarannum etilishi, hayot falsafasining betakror badiiy talqini haqida fikr bildirdi.

Ayniqsa, shoiraning she’rlari bengal kitobxonlari qalbiga juda yaqin ekani alohida ta’kidlandi. Tadbirning eng esda qolarli jihati, taqdimot so‘ngida kitob muallifi so‘zga chiqib, Robindranat Tagor ijodi va u yashagan Kalkutta zaminiga cheksiz mehr ifodasi izhor etganda, sarhad bilmas adabiyotning sehrli kuchi, inson qalbidagi ezgu tuyg‘ular tantanasi evaziga bu kuhna dunyo yanada tiniq tortishi borasidagi falsafiy mulohazalarini tinglaganda yig‘in ishtirokchilarining ko‘zlarida yosh qalqdi.
Mazkur tadbirda hindistonlik OAV vakillari bilan birgalikda O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Mening yurtim” kanali telejurnalisti Yulduz Fayziy hamda operator Akrom G‘ulomov ham qatnashdi.
Xalqlar o‘rtasida adabiy va abadiy do‘stlik ko‘prigini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan o‘zbek shoirasi hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Izlarim” ko‘rsatuvi uchun lavhalar olindi.
“Ko‘ngilga cho‘kkan hilol” kitobining bengal tilida nashr etilishi va e’tirofga sazovor bo‘lishi zamonaviy o‘zbek adabiyotining jahon adabiy maydonidagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolatdir.
Bundan tashqari, shoiraning London, Vetnam, AQSH, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ruminiya, Ukraina, Serbiya, Tojikiston, Qozog‘iston va yana bir qancha mamlakatlarda kitoblari chop etilgan.
O‘zA